Ma’lumot uchun, Jahon banki taxminiga ko‘ra, O‘zbekistonda yakka o‘zining manfaatini ko‘zlovchi shaxslarning davlat hokimiyatida katta ta’sirga ega bo‘lishi xavfi 2025 yilga borib o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi.
Xalqaro ekspertlar possovet davlatlari tajribasidan kelib chiqib aytishicha, oligarxlar ta’sirining oshishida yerni va davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonlari asosiy o‘rin tutadi.
«Bu avvalo bashorat. U qanchalik amalga oshadi yoki oshmaydi, buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin bashoratning yaxshi tarafi ham borki, unga ko‘ra, bu hukumat uchun ogohlantirish. Mana shunga yo‘l qo‘ymanglar, degan xabar. Shu tomondan u yaxshilikka xizmat qilishi mumkin.
Hozir men aytadigan gaplarni ba’zilar populizm uchun gapiryapti, deya hisoblashi mumkin, lekin shunday bo‘lsa-da, aytishim kerak, men jamiyatda o‘rta sinf ko‘payishi tarafdoriman. Bunga misol Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya yoki Yevropaning boshqa qator mamlakatlari.
Men Yaponiya haqida gapirdim. U yerda boy va kambag‘al qatlam orasidagi farq juda katta emas.
Xo‘sh, oligarxiya o‘zi nimaning hisobiga paydo bo‘ladi? Kimdir boshqalar o‘zini tiklab, joyini topib olguncha, vaziyatdan ko‘proq foydalanib, vaqtdan yutib, ko‘proq pul topib oladi.
Lekin hozir shunday qilmasak va birdaniga tadbirkorlarni kesishni boshlasak, umuman rivojlanish bo‘lmaydi. Ha, yuqori sinf bo‘lmaguncha, o‘rta sinf ham bo‘lmaydi.

Balki kuchli mutaxassis emasdirman, lekin shuni bilamanki, bu evolyutsion jarayon. Biz mana shu jarayondan o‘tishimiz kerak. Hammani birdaniga ko‘tarish qiyin. Buning uchun kommunizmga o‘tishimiz kerak bo‘ladi.
Siz o‘rta sinf ko‘p bo‘lgan jamiyatlarni ko‘ring, ularda ham qachondir shunday jarayonlar bo‘lgan.
Ha, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun maksimal harakat qilish kerak. Chunki, oligarxiya ertaga davlat boshqaruvi va qonunlarga ta’sir o‘tkaza boshlaydi. Bu yaxshi emas.
Men bu jarayonni oqlamayapman va shuning uchun ham hisobotni o‘qib bir tomondan xursand bo‘ldim. Buni men o‘qidim, siz o‘qidingiz, yuqoridagilar, hamma o‘qidi. Ular bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun hushyor bo‘ladi. Qarorlar hushyorlik bilan qabul qilinarkan, oligarxiyaning oldi olinadi.














