Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
- ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalarining naryadlari tomonidan patrul xizmatini faqat avto va mototransport vositalarida olib borishga o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan transport vositalari bilan bosqichma-bosqich ta’minlash;
- ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati saf bo‘linmalari tarkibida otliq otryadlarni bosqichma-bosqich tashkil etish hamda mazkur otryadlarni xizmat otlari, tegishli transport vositalari va anjomlar bilan ta’minlash;
- Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari tarkibida tashkil etiladigan otliq otryadlarni ushbu ichki ishlar boshqarmalariga tegishli bo‘lgan yer maydonlarida barpo etiladigan bino va inshootlarda, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi patrul-post xizmati saf bo‘linmasi tarkibida tashkil etiladigan otliq otryadni esa Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentiga tegishli bo‘lgan yer maydonida barpo etiladigan bino va inshootlarda joylashtirish;
- Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi, Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalarining patrul-post xizmati saf bo‘linmalari tarkibida tashkil etiladigan otliq otryadlarni joylashtirish uchun Nukus va Buxoro shaharlari, Farg‘ona, Qarshi, Termiz tumanlari hududida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 1 gektardan zaxira yer maydonlarini Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi hamda tegishli viloyatlar ichki ishlar boshqarmalariga doimiy foydalanish huquqi bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
Belgilanishicha:
- ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari otliq otryadlarining shtat birliklari Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari amaldagi shtat birliklari doirasida shakllantiriladi;
- 2023-2026 yillarda ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalarini avto va mototransport vositalari, xizmat otlari va anjomlar bilan ta’minlash dasturi doirasida otliq otryadlarga qorabayir zotli otlar mazkur sohaga ixtisoslashgan mahalliy tashkilotlar tomonidan yetkazib beriladi.














