So‘nggi 70 yil ichida insoniyat 8,3 milliard tonna plastmassa ishlab chiqardi. Ularning aksariyati chiqindixonalar va atrof-muhitga tashlab yuborilgan. Oqibatda suv havzalari va tuproq ifloslanmoqda. Shuningdek, plastik zarralari odam vujudiga ham kirib kelgan. Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, insonlar haftasiga o‘rtacha 5 gramm mikroplastik iste’mol qilyapti, bu bank kartasining og‘irligi bilan teng. Maqolamizda mikroplastik zarralari, ularning manbalari, salomatlikka ta’siri, zararini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar haqida ma’lumot beramiz. 

Antarktidadagi plastik chiqindilar (David Pereiras / shutterstock.com) 

Vena tibbiyot universiteti olimlari tadqiqoti natijalariga ko‘ra, bir kishi haftasiga o‘rtacha 5 grammgacha mikro va nanoplastik iste’mol qiladi. Bu esa bank plastik kartasining vazni bilan teng. Bunday taqqoslashdan so‘ng, haftasiga 5 gramm plastik arzimas narsaga o‘xshamaydi. Agar yil miqyosida oladigan bo‘lsak, taxminan 250 gramm plastik chiqadi. Bu 230 ta kokteyl naychasi yoki 8 ta yarim litrli plastik idishning og‘irligi bilan teng. 

Mikroplastik tanamizga qanday tushadi, nima uchun u odam va tabiat uchun zararli? 

Hayotimiz tabiatdagi moddalarning uzluksiz aylanishidan iborat. Biz uyg‘onamiz, vannaga kirib, tishlarimizni pasta bilan tozalaymiz. Tanamizni sovun yoki gel, sochimizni shampun bilan yuvamiz. Ko‘ylagimizni kir yuvish mashinasida yuvamiz va quritamiz. Bu jarayonlardan so‘ng, tarkibida maishiy kimyo qoldiqlari bo‘lgan suv kanalizatsiyaga oqib ketadi. U yerdan esa daryo va kanallarga tushadi. Ularning tarkibidagi kimyoviy moddalar – xlor, turli zaharli ximikatlar, kanserogen moddalar atrof-muhitga tarqaladi. 

Ehtimol, ularni yo‘lda tozalash inshootlari kutayotgan bo‘lishi mumkin, lekin afsuski, har doim ham emas. Agar bor bo‘lgan taqdirda ham ular barcha mayda zarralarni, ayniqsa mikroplastikni filtrlay olmaydi. 

Shunday qilib, tish pastasi, shampun va kir yuvish vositalarining juda kichik zarralari suvga yoki tuproqqa tushadi. Ular baliq yoki hayvonlar tomonidan iste’mol qilinadi. Biz esa ularni yeymiz. 

Jamoat transporti bekatida turib, avtobusni kutayotganimizda chiqindi gazlarini hidlaymiz, havodagi mayda qattiq zarralarni, shu jumladan yeyilib ketayotgan shina qoldiqlarini yutamiz. Hatto shaxsiy mashina ham vaziyatni o‘zgartirmaydi – ventilyatsiya yoki konditsioner orqali tashqaridagi havo oqimi salonga kiradi. 

Kechqurun esa uyga qaytamiz va yana xuddi shunday vaziyatga tushamiz. Holat kundan kunga, yildan yilga takrorlanaveradi. Keyin biz hafta ichida 5 gramm plastikni qanday iste’mol qilganimizga hayron bo‘lamiz.