Jahon | 15:23 / 24.06.2022
28010
3 daqiqa o‘qiladi

Lugansk oblasti rahbari: Ukrain harbiylariga Severodonetskdan chekinishga buyruq berildi

«Azot» zavodi, 10 iyun. Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Ukrainaning Lugansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ukrain qo‘shinlari yo‘qotishlar tufayli Severodonetskdan chiqishiga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. Bu haqda u «Dom» telekanali efirida aytgan, undan videoyozuv Gaydayning telegram-kanalida joylashtirilgan.

«Bir necha oydan buyon zarba ostida bo‘lgan va tor-mor etilgan pozitsiyada shunchaki turishdan ma’no yo‘q, chunki mustahkamlanmagan hududlarda qurbonlar soni kundan kunga ortib boraveradi», degan Gayday

U shu sababdan Severodonetskda turgan ukrain harbiylariga «yangi pozitsiyalarga, yangi mustahkamlangan pozitsiyalarga o‘tish» va harbiy harakatlarni davom ettirish bo‘yicha buyruq berilganini aytgan.

Ukraina nashrlari chekinish tafsilotlarini ma’lum qilmoqda: bu jarayon tundayoq boshlangan.

«Bugun tunda ukrain bo‘linmalari uyushgan holda Severodonetsk sanoat hududini tark eta boshladi. Frontning men bo‘lib turgan uchastkasida chekinish otishmalar ostida olib borilmoqda, ammo qurbonlar yo‘q. Ketish alamli, ammo bu anchadan buyon yetilib kelgan qaror. Ukrain harbiylari bunday murakkab sharoitlarda qilish mumkin bo‘lganidan ko‘proq ishni qilishdi. Ko‘priklarsiz va pontonlarsiz urushning har kuni qahramonlikka aylandi», deya yozadi jurnalist Yuriy Butusov.

«Ukrainskaya pravda»ning harbiy doiralardagi manbalari Milliy gvardiya bo‘linmalari allaqachon Severodonetskni tark etishganini xabar qilishgan.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 24 iyun tongidagi hisobotida Severodonetsk uchun janglar davom etayotganini ma’lum qilgandi.

Severodonetskda hali rossiyalik harbiylar qo‘liga o‘tmagan hududlardan biri «Azot» kimyoviy zavodi bo‘lib turibdi. 23 iyun kuni kechqurun Gayday Severodonetsk sanoat hududidagi ko‘plab mudofaa istehkomlari vayron etilgani, shu tufayli ukrain harbiylari boshqa pozitsiyaga o‘tishlari mumkinligini aytgandi.

Severodonetsk Shimoliy Don daryosining chap sohilida joylashgan. Daryoning ikkinchi sohilida Lisichansk shahri bo‘lib, bu yer ukrain harbiylari nazoratida qolmoqda. Daryo orqali o‘tgan ko‘priklar harbiy harakatlar davomida vayron qilingan. 

Ayni vaqtda Rossiya qo‘shini Lisichanskka ham janubdan hujum qilmoqda. Shu tufayli ushbu shahar atrofidagi harbiylar ham boshqa pozitsiyalarga chekinishi mumkin. Bu holda Lugansk oblasti deyarli butunlay Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tadi.

Mavzuga oid