Agar daromadingiz past bo‘lsa, katta xarid uchun pul jamg‘arib borishdan ma’no yo‘q. Hatto moliyaviy xavfsizlik yostiqchasiga ham pul topish murakkab bo‘ladi. Bu holat odamni tushkunlikka tushiradi. «Keraksiz narsalarni sotib olma» degan oddiy tavsiya ham yetarli bo‘lmay qoladi. Shuning uchun pulni nazorat qilishga 2 barobar ko‘p kuch sarflashga to‘g‘ri keladi. Agar bunga ongli ravishda yondashsangiz, vaziyatni to‘g‘irlay olasiz.

1. Budjet tuzishni boshlang

Bu hamma uchun foydali, lekin daromadi kichik odamlar uchun ayni muddao. Siz pulingiz nimaga sarflanayotganini aniqlaysiz va kerakli xarajatlarni rejalashtira olasiz.

Oddiy bloknotga yoki maxsus mobil ilova yordamida 1 oy davomida daromad va xarajatlaringizni yozib boring. Muddat oxirida to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qiling.

Oziq-ovqat, transport, ko‘ngilochar tadbirlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari uchun qancha sarflanganini aniqlang. Pulni tejash uchun nimadan voz kechishingiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring. Shunga asoslanib, kelgusi oy uchun moliyaviy reja tuzing.

2. Majburiy to‘lovlarni darhol to‘lang

Kredit yoki kommunal xizmatlar to‘lovini keyinga qoldirmang. Maoshdan so‘ng pul ko‘paygandek va hamma narsani sotib olish mumkindek tuyuladi. Bu aldamchi tuyg‘u qarzga olib kelishi mumkin. Unutmang, kechiktirilgan to‘lovlar uchun penya undiriladi. Agar bir necha oylik majburiy to‘lovlar to‘planib qolsa, juda og‘ir vaziyatga tushib qolish mumkin.

3. Nimadan voz kechishga tayyor yoki tayyor emasligingizni aniqlab oling

O‘zingizni hamma narsadan mahrum qilish juda qiyin. Doimiy cheklovlar hayotni zaharlaydi. Bunday holatda ezilish tuyg‘usidan qutulish uchun taslim bo‘lish va keraksiz narsalarni sotib olish oson. Shuning uchun, nimalarda pulni tejashga rozi ekaningiz yoki rozi emasligingiz haqida o‘ylab ko‘ring.

Misol uchun, suzishni yoki rasm chizishni yaxshi ko‘rasiz, bu mashg‘ulotlar hayotni yorqinroq qiladi va sizni ijobiy his-tuyg‘ular bilan quvvatlaydi. Ulardan voz kechmang. Oyiga sevimli mashg‘ulotingizga qancha pul sarflashingizni hisoblang va kerakli miqdorni boshqa toifadagi xarajatlardan tejang.

4. Tovar va xizmatlarning bepul muqobilini izlang

Agar sevimli mashg‘ulot va qiziqishingiz ko‘p bo‘lsa, ularning barchasiga pul sarflamang. Albatta, ba’zilarida pulni tejash mumkin.

- Agar mutolaani yaxshi ko‘rsangiz, kitob sotib olmang, uni kutubxonadan oling. Shuningdek, kitoblarning bepul elektron nusxalari ham bor.