Lugansk oblastining Ukraina nazoratida qolayotgan hududlari uchun janglar aprel oyidan buyon davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari doimiy qurshovga tushib qolish xavfi borligiga qaramay, 10 haftadan ortiq vaqt mobaynida dushman yo‘lini to‘sib turishga muvaffaq bo‘ldi. Ko‘pchilik (jumladan Ukrainada ham) yirik yo‘qotishlardan saqlanish uchun qo‘shinlarni olib ketishni tavsiya qildi, ammo qo‘mondonlik mudofaani kuchaytirishga qaror qildi va Lisichansk hamda Severodonetsk hududiga qo‘shimcha kuchlar yubordi. Rossiya armiyasining 21 iyun kuni Lisichansk janubida uyushtirgan navbatdagi yurishini to‘xtatish imkoni bo‘lmadi. Endilikda ukrain qo‘shinlari o‘ta og‘ir sharoitlarda qariyb to‘la qurshovga olingan Severodonetsk va Lisichanskning janubdagi hududlaridan ketishga harakat qilmoqda. Katta ehtimol bilan, ular butun Lisichanskni ham tark etishiga to‘g‘ri keladi. Chekinish chog‘idagi yo‘qotishlar qanday bo‘lishi va Ukraina armiyasi yangi pozitsiyalarda barqaror front tiklay olishi Rossiya armiyasi muvaffaqiyatini qanday rivojlantirishiga bog‘liq.
Rossiya armiyasi janglarda qanday taktika qo‘lladi?
Aprel oyi boshida Rossiya rahbariyati Donbass uchun jang boshlanganini e’lon qilgandi, bu Kreml uchun qiyin kechayotgan urushda burilish nuqtasi bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Rossiyalik qo‘mondonlar qarshisida oson bo‘lmagan strategik vazifa turardi: kuch va vaqt yetishmasligi sharoitida zafarli operatsiya olib borilishi kerak edi (bu vaqtda ukrain armiyasi aholining safarbar qilinishi va G‘arbdan qurollar yetkazib berilishi hisobiga mustahkamlanayotgandi).
- Kuchlar yetishmovchiligi Rossiya Bosh shtabini ehtiyotkor bo‘lish va qo‘shinlar oldiga ortiqcha ambitsiyali maqsadlar qo‘ymaslikka majbur qildi.
- Vaqt yetishmasligi Donbassda Ukraina qo‘shinlarining imkon qadar kattaroq guruhlarini qurshab olishga qaratilgan qat’iy operatsiyalar o‘tkazishni talab etardi.
- Shu bilan birga Rossiya armiyasi artilleriya borasida Ukrainadan yaqqol ustunligi ko‘rinib turardi (qo‘shinlardagi harbiylar soni borasida ortda qolsa-da). Shunday qilib, janglar sharoitida artilleriyani boshqa joylarga ko‘chirish juda murakkabligini inobatga olgan holda, janglardan oldin artilleriya qismlarini asosiy uchastkalar yo‘nalishida jamlash talab etilardi.










