O‘zbekiston | 13:00 / 05.07.2022
9943
3 daqiqa o‘qiladi

«Qoraqalpoqlik og‘a-inilarimiz tashqi kuchlar ta’siriga tushmay, tinchlik va bir butunlikni saqlab qoladi» – senatorlar

Foto: Kun.uz

Senatorlar so‘nggi kunlarda Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirib o‘tdi. Senator Tolibjon Madumarov mamlakatimiz yaxlitligi va tinchligini ko‘ra olmayotganlar hamda bu kabi noxush hodisalar hech qachon o‘zbek va qoraqalpoq birdamligiga raxna sola olmasligini ta’kidladi.

«Biz qoraqalpoqlik og‘a-inilarimiz bilan Yangi O‘zbekistonni, mamlakatimizning yangi sahifasini birgalikda barpo etamiz! Ishonamanki, qoraqalpoqlik og‘a-inilarimiz, opa-singillarimiz tashqi kuchlar ta’siriga tushmaydi, necha yillik tinchlik va bir butunlikni saqlab qoladi», - deydi senator.

Tolibjon Madumarov / Foto: Senat.uz

Yana bir senator Malika Qodirxonova esa ham ona, ham buvi sifatida qoraqalpoqlik ayollarning ahvolini his qilayotganini aytgan.

«Men Qoraqalpog‘iston Respublikasiga har gal borganimda qoraqalpoq elining mehmondo‘stligi, ochiq yuz bilan kutib olishi va u yerda olib borilayotgan islohotlarga iliq munosabatda ekanligini ko‘rib juda quvonaman.

…Biz onalar, ayollar tinchlik tarafdorimiz! Chetda turib turli yovuz niyatini amalga oshirish evaziga O‘zbekiston yaxlitligini ko‘ra olmayotganlar, qoraqalpoq elida notinchliklar, turli ko‘ngilsizliklarni yuzaga keltirmoqchi bo‘lgan separatistlar o‘z maqsadlariga erisha olmaydi», - deydi Malika Qodirxonova.

Malika Qodirxonova / Foto: Senat.uz

Narimon Umarov Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar orqasida mamlakatda separatistik g‘oyalarni tarqatishga qaratilgan avvaldan rejalashtirilgan aniq maqsadga ega muayyan kuchlar turganligini ta’kidlagan.

«Ularning maqsadi – tinch aholining ishonchiga kirib, ularning fikrini chalg‘itib, turli tartibsizliklar va namoyishlar orqali mamlakatda beqarorlikni yuzaga keltirishdir», - deydi senator.

«Kuni-kecha sodir etilgan tartibsizliklar Qoraqalpog‘istondagi ulkan islohotlarni, samarali ishlarni izdan chiqarishga qaratilgan. Bundan keyin bu kabi salbiy holatlarning takrorlanmasligi uchun «oltovlon ola bo‘lib» emas, balki hamjihatlikda harakat qilishimiz, ayniqsa buzg‘unchi g‘oyalardan yoshlarimizni asrab-avaylashimiz kerak. Biz bir xalqmiz va O‘zbekiston yaxlitligini birgalikda asraymiz!», - degan senator Gulnora Ma’rufova.

Mavzuga oid