O‘zbekiston | 15:11 / 06.07.2022
19360
2 daqiqa o‘qiladi

Test sinovlari bu yil ham stadion va xiyobonlarda o‘tkaziladi

OTMlarning bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun test sinovlari ketma-ket uchinchi yildirki koronavirus sababli stadionlar va xiyobonlarda o‘tkaziladi.

Foto: Kun.uz

Bu – Davlat qabul komissiyasining 1-son bayoni bilan tasdiqlandi, deya ma’lum qildi Davlat test markazi.

Shuningdek, bu yilgi javoblar varaqasi namunasi ham tasdiqlandi.

Bayonga muvofiq, quyidagilar ham tasdiqlandi:

  • 2022/23 o‘quv yilida yangi ochilgan jami 82 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshiriladigan fanlar majmuasi;
  • alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati;
  • chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati.

Alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarga o‘qishga kirishda kasbiy (ijodiy) imtihonlardan tashqari, majburiy uchta fan:

  • ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili);
  • matematika;
  • O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha DTM tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirgan abituriyentlarga OTMlarga kirish test sinovlarida chet tili fanidan belgilangan maksimal ballga nisbatan foiz hisobida tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan yo‘nalishlarni tanlagan abituriyentlarga faqat 6 ta OTMning tegishli ta’lim yo‘nalishlari doirasida beshtagacha ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati beriladi.

Bunda, chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon topshiradigan abituriyentlarga chet tili fanidan test sinovlari topshiriladigan ta’lim yo‘nalishlarni tanlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid