Dauning-stritdagi bosh vazir qarorgohi binosi oldida jurnalistlar qarshisiga chiqqan Jonson o‘z tarafdorlari va Britaniya xalqiga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirgan hamda «dunyodagi eng yaxshi ish»dan ketayotganidan nihoyatda xafa ekanini, «ammo shunday bo‘lib qolgani»ni aytgan.

U Ukraina xalqiga ham murojaat qilib, britan hukumati uning iste’fosidan keyin ham Ukrainaga yordam ko‘rsatishda davom etishini bildirgan.

Partiya yetakchiligi uchun kurash shu yil yozda bo‘lib o‘tadi va yangi bosh vazir oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan partiya konferensiyasida lavozimga kirishishi mumkin bo‘ladi.

Payshanba kuni konservatorlar partiyasida ham, muxolifatchilar tomonidan ham Jonsonni zudlik bilan ketishga chaqiriqlar yangradi. Ular mamlakat boshqaruvini hukmron partiyaning yangi rahbari saylanguniga qadar bosh vazir o‘rinbosari Dominik Raab o‘z zimmasiga olishi kerak deb hisoblashdi.

«O‘z nutqida Jonson bizga o‘zining asosiy yutuqlari haqida eslatdi - breksitdan tortib kovidga qarshi vaksinatsiya dasturigacha», deya qayd etadi BBC’ning siyosiy korrespondenti Iyen Uotson.

Shuningdek, Jonson istar-istamas ketayotgani, lekin o‘z partiyadoshlari chaqiriqlariga quloq solishini aytgan. Jonson ularning mojarolarga norozilik sifatida iste’fo berishini «ekssentrik» deb atagan, lekin o‘z xatolarini tilga olmagan. U shunchaki hamkasblarini o‘zini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga ko‘ndira olmagani uchun afsusdaligini bildirgan.

«Afsuski, mening argumentlarim natija bermadi va men endi juda ko‘p g‘oyalar va loyihalarni amalga oshira olmasligimdan ranjidim», deya qo‘shimcha qilgan Jonson.

Hukumat inqirozi

Britaniya hukumatida bosh vazirga ishonchsizlik bilan bog‘liq jiddiy inqiroz bir necha oydan buyon rivojlanib, shu haftada avjiga chiqdi.

Jonsonning ketishi uning hukumati a’zolari tomonidan ko‘rsatilgan misli ko‘rilmagan darajadagi bosim natijasi bo‘ldi. So‘nggi kunlarda 50 dan ortiq vazirlar va vazirliklarning yuqori martabali amaldorlari, shu jumladan Jonsonning ayrim yaqin tarafdorlari - moliya vaziri Rishi Sunak va sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ham o‘z lavozimini tark etishdi.