Hali barcha salohiyatli nomzodlar ham o‘z bosh vazirlik ambitsiyalari haqida e’lon qilishmagan. Yaqin haftalar ichida konservatorlarning parlamentdagi fraksiyasi bir necha raunddan iborat ovoz berish jarayonini o‘tkazishadi - birinchi turda 18 tadan kam ovoz olganlar, ikkinchi turda 36 tadan kam ovoz olganlar chiqib ketadi va yakunda asosiy ikki nomzod qoladi. Va yoz mobaynida partiya a’zolari bu ikki nomzoddan birini yangi yetakchi sifatida saylaydi. Jarayon sentabrga qadar yakunlanishi kutilmoqda va o‘shanda Birlashgan Qirollikda yangi bosh vazir paydo bo‘ladi.

Hozircha bunday siyosatchilarning konservatorlar orasidagi mashhurligi bo‘yicha birgina o‘lchov bor - YouGov agentligi partiyaning 716 vakili o‘rtasida o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amaldagi mudofaa vaziri Ben Uolles yetakchilik qilmoqda, uning ortidan kichik farq bilan Penni Mordont bormoqda, yetakchilar uchligini Rishi Sunak yakunlab beradi.

Bu odamlar kimlar? Quyida ular va boshqa ehtimoliy nomzodlar haqida keltiriladi.

Rishi Sunak

Rishi Sunak britan parlamentiga deputat bo‘lganiga juda ko‘p vaqt bo‘lmagan - 2015 yil.

2019 yilga kelib u moliya vaziri lavozimini egallagan va bu lavozimda shu yilning 5 iyuliga qadar ishlagan, o‘shanda u o‘z hamkasbi, sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ortidan iste’fo bergan.

Ularning ikkisi ham Boris Jonsonning siyosatiga qo‘shilmasliklarini keskin ohangda bildirishgan.

«Jamoatchilik haqli ravishda hukumat to‘g‘ri, mulohazali va jiddiy ishlashini kutmoqda. Bu mening so‘nggi vazirlik ishim bo‘lishi mumkinligini tushunaman, ammo men bu standartlar  kurashishga arziydi deb hisoblayman va aynan shu tufayli iste’fo beraman», degandi o‘shanda Sunak.

O‘z vaqtida u konservatorlarning bo‘lajak yetakchisi sifatida porloq kelajak kutayotganini taxmin qilishardi. Ammo so‘nggi oylarda turmush o‘rtog‘ining soliq bilan bog‘liq muammolari tufayli uning obro‘si ancha tushib ketdi - uning rafiqasi Akshatu Murti otasining Hindistondagi Infosys kompaniyasida ulushga ega va o‘tgan yili dividend sifatida 10 million funt sterlingdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan va nerezident maqomi bahonasida Britaniyada soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblangan.

Murti «turmush o‘rtog‘ini bezovta qilmaslik» uchun kerak bo‘lgan barchasini xazinaga to‘lashini e’lon qiladi, ammo ko‘p o‘tmay 2020 yil iyunida Dauning-stritda uyushtirilgan tug‘ilgan kun bazmida ishtirok etib, lokdaun qoidalarini buzgani uchun jarima to‘laydi. Shu sabab bilan jarimaga tortilganlar qatorida Boris Jonson ham bor edi.