«Komitet 1922» (Konservativ partiyaning boshqaruvchi organi) rahbari Grem Bredining so‘zlariga ko‘ra, torilarning parlamentdagi fraksiyasi a’zolari o‘rtasidagi ovoz berishning birinchi raundi 13 iyul kuni o‘tkaziladi, sakkiz nomzod seshanba kuni kechqurun deputatlar qarshisida chiqish qilish imkoniga ega bo‘ladi. Ularning har biri 12 daqiqadan gapirishi mumkin.
Birinchi raundda 30 tadan kam ovoz olgan nomzodlar chiqib ketadi (agar shundaylar bo‘lsa). Shundan keyin yana bir qancha raundlar o‘tkaziladi, natijada yetakchilik uchun kurashuvchi asosiy ikki nomzod qoladi. Ularning nomzodi Konservativ partiyaning barcha a’zolarining umumiy ovoziga qo‘yiladi (endi ovoz berish faqatgina parlament deputatlari o‘rtasida bo‘lmaydi).
Torilarning yangi rahbarini aniqlash bo‘yicha saylovning yakuniy natijalari va mamlakatning yangi bosh vaziri nomi 5 sentabr kuni aniq bo‘ladi.
Bukmekerlar ma’lumotiga ko‘ra, poygada Rishi Sunak va Penni Mordont favoritlik qilmoqda. Bukmekerlar talqiniga ko‘ra, kuchli beshlikni Liz Trass, Tom Tugendhat va Kemi Badenok to‘ldirishgan.
SMarkets bukmekerlik idorasining siyosiy tahlilchisi Patrik Flinnga ko‘ra, birinchi raunddan keyin Suella Breyvermen, Jyeremi Hant, Kemi Badenok va Nadim Zahaviy poygadan chiqadi, keyingi raundlarda esa - Tom Tugendhat va Liz Trass yutqazadi. Uning talqiniga ko‘ra, finalda Rishi Sunak va Penni Mordont kurashishi mumkin.

Foto: ISABEL INFANTES/AFP
Ayrim tahlilchilar nomzodlar saralanishi juda qisqa vaqt olishini taxmin qilayotgan bo‘lsa, Flinn ikki finalchini aniqlash uchun besh tur o‘tkazishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aytmoqda.
7 iyul kuni Jonson jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan siyosatchini parlamentdagi muhim lavozimga tayinlagani bilan bog‘liq mojaro ortidan Konservativ partiya rahbarligidan iste’foga chiqishini e’lon qildi. Parlamentariylarni Jonson bu deputat avval ham shu kabi ishlarda ayblanganini bilgani, ichki tekshiruvda esa ayblovlar asosli bo‘lgani haqida xulosaga kelinganiga qaramay uni yuqori lavozimga tayinlagani qattiq g‘azablantirgan.
Jonson avvaliga bu haqda hech narsa bilmasligini aytdi, ammo keyin unga hodisa haqida shaxsan hisobot berilganining rad etib bo‘lmas dalillari paydo bo‘ldi. Bosh vazir uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi, keyin uning kabinetidagi vazirlar va boshqa mansablardagi amaldorlarning 50 dan ortig‘i iste’foga chiqib ketdi.















