Agar «Barselona» rejadagi barcha transferlarni amalga oshira olsa, keyingi mavsumda asosiy tarkib 2/3 qismga yangilanadi. Mundo Deportivo «Barsa» yangi futbolchilar uchun 200 million yevro sarflashga tayyor ekanini yozgan edi. Shu bilan birga, klub «bizda pul yo‘q, ammo hozircha mahkam turibmiz» qabilida ish tutmoqda.

«Frenki de Yong - «Barselona» futbolchisi. Shoshilinch zarurat bo‘lmasa, u sotilmaydi», dedi prezident Joan Laporta. Bu esa ehtimoliy sotuvchilarga ishora: iltimos, vaziyatni tushuning va futbolchingiz uchun ko‘p pul so‘ramang.

«Barselona» bir necha yaxshi futbolchilarni tekin oldi, pul faqat o‘tish bilan bog‘liq xarajatlarga sarflandi.

Jamoaga kelgan futbolchilar:

Frank Kessie, yarimhimoyachi, erkin agent sifatida keldi. «Milan»ning chempionlik tarkibida muhim element. U zaxirada o‘tirish uchun kelmagani aniq. Kessie o‘ziga xos kamtarinligi va qo‘polligi bilan asosiy tarkibdagi joyga hali loyiq emasligini ta’kidladi: «Chiroyli so‘zlar uchun emas, mashg‘ulotlardagi mehnat natijalariga qarab maydondagi joy olinadi. Qarorni murabbiy qabul qiladi».

Andreas Kristensen, markaziy himoyachi, erkin agent sifatida keldi. U ham «Chelsi»dan zaxirada qolish uchun kelmadi.

Usmon Dembele - qolish uchun ketgan edi. U yangi shartnomani imzolaydigan bo‘ldi.

Muzokara rejimida:

Rafinya Dias

«Lids»ning hujumkor futbolchisi uchun «Chelsi» va «Arsenal» bilan raqobatlashishga to‘g‘ri keldi. Kataloniyaliklar, har doimgidek, kamroq xarajat qilishni ko‘zlamoqda. Insayder Fabritsio Romanoning ta’kidlashicha, «Barsa» transfer uchun 58 million yevro va yana 10 million yevro bonus sifatida bermoqchi. Premer-liga klublari bundan ko‘proq pul to‘lashga tayyor edi, ammo Rafinyaning o‘zi va uning agenti Deko (sobiq «Barsa»chi) Ispaniya variantini ma’qul ko‘rmoqda.

«Chelsi» esa Rahim Sterling bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng, Rafinya uchun kurashdan chiqdi.

Foto: Getty Images

Robert Levandovski

«Barsa»ning yozdagi asosiy maqsadi, muzokaralar olib borilayotganini Laporta ham tasdiqladi. Biroq, «Bavariya» pulga juda muhtoj emas. Myunxen bemalol: «Levandovski shartnomani oxirigacha o‘ynaydi», deb o‘zini xotirjam tutishi mumkin. «Bavariya» 50-60 million yevro talab qilmoqda va zudlik bilan. Bu esa maoshlarni kamaytirish istagida bo‘lgan «Barselona» uchun katta muammo.