Rossiyada sodir bo‘lgan aviahalokatlar orasida 1997 yil Irkutsk aeroporti yaqinida sodir bo‘lgan hodisa alohida o‘rin tutadi. Mazkur halokatda 72 nafar odam halok bo‘lishi bilan birga bir vaqtning o‘zida uchta samolyot parchalanib, yo‘q bo‘lib ketadi.

Irkutskda halokatga uchragan samolyot 1985 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, avvaliga u Aeroflot aviakompaniyasi tasarrufida bo‘lgan. 1988 yilda samolyotni SSSR harbiy havo kuchlariga qarashli aviatsiya polkiga berishgan. 1992 yildan boshlab An-124 Rossiya harbiy-havo kuchlari tarkibiga o‘tkazilgan.

Halokat sodir bo‘lgan kungacha An-124 samolyoti 576 marta uchish-qo‘nishni amalga oshirgan va 1034 soat parvoz qilgandi. Samolyotga 9 nafar ekipaj a’zolari xizmat qilgan.

An-124 yuk samolyoti haqida

An-124 og‘ir yuk tashishga ixtisoslashgan transport samolyoti bo‘lib, u Antonov nomidagi konstruktorlik byurosi muhandislari tomonidan loyihalashtirilgan. Uning ilk sinov parvozi 1982 yilda amalga oshirilgan.

Foto: Shutterstock

1984 yildan 2004 yilgacha An-124 samolyotidan Ukraina va Rossiyada 55 dona ishlab chiqarilgan. Uning o‘rtacha narxi 300 million dollarga baholangan. Samolyot bortidagi yuk sig‘imi 1050 kubmetrni tashkil etgan. An-124 samolyotlari 120 tonnagacha yuk ko‘tara olgan. Katta sig‘imga ega bo‘lgan mazkur samolyot og‘ir yuklarni tashishga ixtisoslashgani uchun rus ertaklaridagi qahramon – «Ruslan» nomi berilgan.

An-124ning harbiylar uchun moslashtirilgan variantiga 440 nafar maxsus desant qo‘shinlari askari yoki 880 nafar oddiy askar joylasha olgan. Samolyotning maksimal tezligi soatiga 865 kilometrgacha yetgan.

An-124ga og‘ir yuklar uning tumshuq tarafidan yuklangan. Samolyotning uchuvchilar kabinasi joylashgan qismi mexanik tarzda yuqoriga ko‘tariladi. Shundan so‘ng uning bortiga turli o‘lchamdagi yuklar osongina joylashtirilgan.

Foto: sdelanounas.ru

Halokat tafsilotlari

1997 yil 6 dekabr kuni An-124ga Irkutsk aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan ikkita Su-27 qiruvchi samolyoti yuklanadi. Samolyotlar Vetnam davlatiga sotilgan bo‘lib, ularni kuzatib borish uchun An-124ning bortiga 9 nafar ekipaj a’zosi bilan birga 14 nafar mutasaddilar va harbiylardan iborat delegatsiya ham chiqadi.