Jiddada Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarini birlashtirgan Fors ko‘rfazi davlatlari hamkorlik kengashi sammiti o‘tkaziladi. Unda Misr, Iroq va Iordaniya rahbarlari ham ishtirok etadi.

Hech bir mubolag‘asiz, Yaqin Sharqdan uzoqlardagi kuchlar taqsimoti Baydenning Ar-Riyod bilan muzokaralari natijasiga bog‘liq.

Ko‘plab ekspertlar fikricha, amerikaliklar prezidenti minali maydon bo‘ylab harakatlanishiga to‘g‘ri keladi: har qanday xato qadam tashlanishi xalqaro maydonda ham, mamlakat ichkarisida ham rezonans keltirib chiqaradi.

Bayden hokimiyatga kelgach, Yaqin Sharq Amerika tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari doirasidan chetga chiqdi. Ammo bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar Oq uy aniq shoshilganini ko‘rsatmoqda.

Ukrainadagi urush, rossiyaliklarning neft va gaz bilan shantaj qilishi, energiya narxlari oshishi, Rossiya va Eron o‘rtasidagi harbiy hamkorlik tug‘ilayotgani - Jo Baydenning Yaqin Sharqqa tashrifi shunday fonda amalga oshirilmoqda.

Taqdir hazilini qarangki, bu muammolarning bir qismini hal qilish uchun u Saudiya Arabistoniga yo‘l olishiga to‘g‘ri kelmoqda - bu mamlakat yaqinda xalqaro maydonda yakkalanib qolish xavfi ostida qolayotgandi.

Bayden murakkab vaziyatda

«Bayden, Saudiya rejimidan uzoqroq bo‘l». AQShdagi huquq faollari Jo Baydenni Ar-Riyod bilan aloqa qilishdan tiyilishga chaqirmoqda
NATHAN HOWARD/GETTY IMAGES

Bir tomonda Rossiya jahon neft va gaz bozorini ostin-ustun qilayotgan, ikkinchi tomonda Eron yadro qurolini yaratishga yaqin kelgan bir vaziyatda Ar-Riyod Baydenga suv va havodek zarurdir.

Resurslarga boy, qolaversa Tehron bilan dushman kayfiyatda bo‘lgan Saudiya Arabistoni Vashingtonga energetika va xavfsizlik sohasidagi vaziyatni barqarorlashtirishda katta yordam ko‘rsatishi mumkin, ammo u yerdagilar Bayden o‘z prezidentlik poygasida aytgan gaplarni unutishmagan.

U jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi uchun Ar-Riyodni jazolashga va’da bergan, Amerika razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu jinoyatga «qirollikdagi eng yuqori martabali shaxslar» aloqadorligini aytgandi.