Boş vazir örinbosari – investitsiyalar va taşqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Prezident administratsiyasining rahbari böldi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Şerzod Asadov xabar qildi.

«Prezident farmoni bilan Sardor Öktamoviç Umrzoqov Özbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi va şu munosabat bilan boş vazirning investitsiyalar va taşqi iqtisodiy masalalar böyiça örinbosari – investitsiyalar va taşqi savdo vaziri lavozimidan ozod etildi», deyiladi xabarda.

8 iyul kuni Prezident administratsiyasi rahbari lavozimida 2018 yildan buyon işlab kelgan Zaynilobiddin Nizomiddinov salomatligidagi muammo sabab sifatida keltirilgan holda işdan ketkazilgandi. Nizomiddinov Özbekiston Kasaba uyuşmalari federatsiyasi kengaşi raisining birinçi örinbosari etib tayinlandi.

Sardor Öktamoviç Umrzoqov 1977 yil 23 noyabrda Toşkentda tuğilgan. Toşkent davlat iqtisodiyot universiteti (bakalavr) va Reding universitetini (Buyuk Britaniya, magistratura) tamomlagan. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega.

2000-2003 yillar davomida Taşqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tizimida (avvaliga boş ofisda, söng Samarqanddagi bölinmada) işlagan. 2003 yilning noyabrida Yevropa tiklaniş va taraqqiyot bankida (London şahri) faoliyat boşlagan.

2007 yilda vatanga qaytgan Umrzoqov Moliya vazirligi Ğaznaçiligi boşliği örinbosari, birinçi örinbosari, Toşkent şahar Ğaznaçiligi boşliği lavozimlarida işlagan.

2014-2017 yillarda “Özbekçarmpoyabzali” uyuşmasi boşqaruvi raisining maslahatçisi, 2017-2018 yillarda rais örinbosari bölgan. Uyuşma qayta taşkil etilib, “Özçarmsanoat”ga aylantirilgaç, 2018-2019 yillarda unga raislik qilgan.

2019 yil 28 yanvarda investitsiyalar va taşqi savdo vaziri etib tayinlangan, 2020 yil 10 martda esa boş vazir örinbosari darajasiga kötarilgan.