Prezidentning “Toshkent dizayn va moda xalqaro universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining quyidagi taklifiga rozilik beriladi:

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining “Yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash va texnologiyasi (tikuv buyumlari texnologiyasi)”, “Dizayn” yo‘nalishidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari hamda Parij xalqaro moda universiteti bilan qo‘shma fakultet negizida Toshkent dizayn va moda xalqaro universiteti tashkil etish.

Quyidagilar universitetning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • dizayn, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, marketing sohalari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yuritadigan, chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
  • nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarining ta’lim dasturlari asosida yuksak zamonaviy kasbiy bilim va malakaga ega bo‘lgan, xalqaro miqyosda raqobatbardosh, istiqbolli kadrlarni tayyorlash;
  • yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish;
  • o‘quv mashg‘ulotlari, malakaviy amaliyotlarni o‘tashda talabalarni innovatsion va yangicha fikrlashga yo‘naltiradigan yangi o‘qitish texnologiyalari hamda ularning mustaqil izlanishini ta’minlovchi mexanizmlarni keng joriy etish;
  • ta’lim bilan ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish maqsadida soha korxonalarida talabalarning malakaviy amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish, mazkur korxonalarda kafedra filiallari hamda professor-o‘qituvchilarning stajirovkalarini tashkil etish;
  • tadqiqotchi olimlar ishtirokida ma’ruzalar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish yo‘li bilan professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda talabalarda dizayn, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, marketing sohalarida amaliy ilmiy-tadqiqotlar olib borish metodikasi va amaliyotiga o‘rgatishni tashkillashtirish;