O‘zbekiston | 12:56 / 21.07.2022
17121
4 daqiqa o‘qiladi

Urgutda o‘tkazilgan to‘yda ommaviy zaharlangan 56 kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgani ma’lum qilindi

Tuman hokimligi axborot xizmati va Bosh prokuratura matbuot xizmati e’lon qilgan ma’lumotlarda zaharlanganlar soni 10-11 nafar ekanligi aytilgandi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda 2022 yil 19 iyul kuni Urgut tumani Jozmon mahallasida joylashgan to‘yxonada G‘ishtmachit mahallasida yashovchi 200 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etib, ular ovqatdan zaharlangani haqidagi xabar e’lon qilingandi. Hodisa yuzasidan Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ma’lumot berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Urgut tuman Jozmon mahallasidagi “Burhon ota” to‘yxonasida o‘tkazilgan to‘yda qatnashganlardan jami 33 nafar fuqaro 2022 yil 19 iyul kuni bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qorin sohasida og‘riq, ich ketish, tana haroratining ko‘tarilishi kabi kasallik belgilari bilan Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilishgan.

Tibbiy ko‘rikda kasallikning klinik belgilari va epidemiologik anamneziga asoslanib, bemorlarga “O‘tkir gastroenterit ovqat toksikoinfeksiyasi o‘rta og‘ir va yengil darajasi” tashxisi qo‘yilgan.

Epidemiologik tekshiruvga 2022 yil 20 iyul kuni soat 15:00 dan boshlab viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi va Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari jalb etilgan.

Bemorlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatgan tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazilgan surishtiruv va bemorlarning tibbiyot bayonnomalarini o‘rganish natijasiga ko‘ra, 2022 yil 19-20 iyul kunlari tibbiy yordamga murojaat qilgan jami 33 nafar fuqarodan 22 nafariga ambulator sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatilgan va uyiga javob berilgan.

Statsionar sharoitda davolanayotgan 11 nafar bemordan 9 nafariga 2022 yil 20 iyul kuni qoniqarli ahvolda uyiga javob berilgan. Bugungi kunda shifoxonada 2 nafar bemor davolanmoqda. Ularning ahvoli dinamikada stabil, dezintoksikatsion va simptomatik davo muolajalari davom ettirilmoqda.

Murojaat qilgan barcha bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgan, ya’ni oshqozoni yuvilgan va tozalovchi huqna qilingan.

Ambulator sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilgan barcha bemorlar bilan zaharlanish sabablarini o‘rganish borasida o‘tkazilgan so‘rov-surishtiruvga ko‘ra, kasallik boshlanishi “Burhon ota” to‘yxonasida o‘tkazilgan to‘yda iste’mol qilgan uy sharoitida tayyorlangan mayonezli salatlar bilan bog‘liqligi aniqlangan.

To‘yda jami 250 nafardan ziyod fuqaro ishtirok etgan bo‘lib, ularning 199 nafarining ro‘yxati shakllantirilgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda ulardan 23 nafarida kasallikning ayrim alomatlari mavjudligi aniqlanib, ular Urgut tuman tez yordam bo‘limining G‘ishtmachit bo‘limida ambulator sharoitda davolanib, 19 iyul kuni qoniqarli ahvolda uyiga javob berilgan.

Hozirda qayd etilgan holat bo‘yicha “Burhon ota” to‘yxonasida vakolatli organ kelishuvi tartibida tekshiruv o‘tkazilishi yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Tuman hokimligi axborot xizmati va Bosh prokuratura matbuot xizmati e’lon qilgan ma’lumotlarda zaharlanganlar soni 10-11 nafar ekani aytilgandi.

Mavzuga oid