Aldanish

Bir yil oldin Leo Messining Barselonadagi xayrlashuv matbuot anjumanida u bilan birga butun futbol olami yig‘laganga o‘xshardi. Bu bir vaqtning o‘zida ham ta’sirli, ham dahshatli adolatsizlik hissi tufayli og‘riqli edi. La Ligadagi maosh chegarasi bilan bog‘liq metin qoidalar tufayli Messi qadrdon jamoasida qola olmadi. U ramziy maoshga va hatto tekinga o‘ynashga rozi bo‘lsa ham buning iloji yo‘q edi.

Albatta qonunlarga rioya qilinishi kerak. «Barselona»ga milliard yevrolik qarzni qoldirib ketgan sobiq prezident Jozep Bartomeu qoidalarga beparvolik bilan tupurgandi. Klub prezidentligiga qaytgan Joan Laporta esa La Ligadan eng yorqin yulduziga nisbatan xayrixohlik kutdi. Uning nimaga umid bog‘lagani tushunarsiz. Ammo Messi bilan xayrlashish tadbiri qanday tashkil etilgani haqiqiy sharmandalik.

Argentinalik yulduz Ispaniya Kubogida g‘alaba bilan yakunlangan ajoyib mavsumdan so‘ng, ta’tildan bir o‘y bilan qaytdi – yangi shartnomani imzolash. U yerda yozilgan bandlarga ko‘ra, Messi faoliyatini yakunlagach, «Barselona» elchisi sifatida MLS ligasiga yo‘l olishi, keyin esa klubdagi rahbarlik lavozimlaridan birini egallashi kerak edi. Ular hatto taqdimot sanasini ham belgilashdi.

Ammo kutilmaganda, tantanali marosimdan bir kun oldin klub ofisiga kelgan Messining ustiga bir chelak muzli suv quyildi. Argentinalikka muloyim tarzda chiqish eshiklarini ko‘rsatishgan bo‘lsa-da, u hissiyotlarini shunday tasvirladi.

Messi xayrlashar ekan, vaziyatni qabul qilishga urinayotgan va hech kimni ayblamayotgan odamdek taassurot qoldirdi. Ammo shubhasiz, unda alam bor edi. Leo o‘zini aldangandek his qildi. Laporta esa rasmiy xayrlashuvdan so‘ng, undan tekinga o‘ynashga tayyorligi haqidagi so‘zlarni eshitishga umid qilganini aytdi. Messi bundan ranjidi.

«Maoshimni 50 foizga qisqartirishni so‘rashdi va men buni ikkilanmasdan qabul qildim. Biz klubga ko‘proq yordam bera olardik. Mening va oilamning xohishi Barselonada qolish edi. Hech kim mendan tekinga o‘ynashni so‘ramagan, shu tufayli, prezident so‘zlarini o‘rinsiz deb bilaman. Ular meni xafa qilishdi, chunki bunday gaplarni aytmasligi kerak edi. Bu xuddi to‘pni egallab olib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaslikka o‘xshayapti. Bu gaplardan so‘ng odamlar o‘ylanib qolishadi va menga nisbatan shubha uyg‘onadi. Men bunga loyiq emasman», dedi Messi «PSJ» klubiga ko‘chib o‘tganidan so‘ng.

Xavining iltimosi

May oyida Laporta intervyu berib, Messi haqida ko‘p gapirdi. Bu esa uning otasi Xorxeni g‘azablantirdi. Katta Messi «Barselona» prezidentiga qo‘ng‘iroq qilib, Leo haqida gapirishni to‘xtatishni, o‘g‘lining dilini og‘ritmaslikni so‘ragan. Shuningdek, uning qaytishi imkonsiz ekanini aytgan.