Kataloniya klubi prezidenti Joan Laporta kelishuvni «ikkinchi iqtisodiy dastakning faollashuvi» deb atamoqda. Uning maqsadi – klub qarzlaridan qutulish va moliyaviy ahvolni yaxshilash. 

Biroq, yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uchinchi dastakni ham faollashtirish kerak bo‘ladi. Bunda TV huquqlarining 49 foizi Barça Studios kompaniyasiga sotiladi (ular «Barselona» uchun ijodiy mahsulotlarni yaratish bilan shug‘ullanadi). 

Ayni damda klubga taxminan yana 100 million yevro kerak va bu mablag‘ La Liga boshlanishidan oldin qo‘lga kiritilishi lozim. Ispaniyaning Cope nashriga ko‘ra, yangi futbolchilar uchun «Barselona»ga to‘rtinchi dastak ham kerak bo‘lishi mumkin. Ya’ni pul topish uchun yana nimalarnidir sotishga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, klub o‘zini go‘yo hamma ishlar joyida qabilida tutishda davom etmoqda. 

Laportaning strategiyasi kelajakda katta muammolarni keltirishi mumkin 

Klubning iqtisodiy masalalar bo‘yicha direktori Eduard Romeuning so‘zlariga ko‘ra, Laporta yozda jamoaga qo‘shilgan yangi futbolchilardan (Robert Levandovski, Rafinya, Andreas Kristensen, Frank Kessie) tashqari, qo‘shimcha ravishda transferlar uchun yana 200 million yevro sarflamoqchi. 

Foto: Getty Images

«Barsa» prezidentining niyati juda oddiy – hozir va shu yerdayoq foyda ko‘rish. Ammo u kelajak istiqbollari haqida qayg‘urmayapti. 

«Nega «Barselona» hamon Superliga g‘oyasiga o‘ralashmoqda? Buning javobi aniq! 1,4 milliard yevro qarzi bo‘lgan va umidsizlikka tushib qolgan klub yangi futbolchilarga pul sarflash uchun kelajakdagi daromad oqimlarini sotmoqda. Katta klub uchun bu juda xavfli», dedi «Manchester Yunayted»ning sobiq himoyachisi Gari Nevill. 

Uning so‘zlarida jon bor. Ha, shuni ham hisobga olish kerakki, Laporta o‘z hiylalari uchun qamoqdan mo‘jizaviy tarzda qutulib qolgan Jozep Bartomeuning «merosi» bilan shug‘ullanyapti. Unga havas qilib bo‘lmaydi. Joan klubni achinarli holatda qabul qilib oldi. Biroq, Laportaning so‘nggi qarorlari bundan ham yomon muammolarga olib borishi mumkin. O‘ylab o‘tirmasdan hamma narsani hozir va shu yerda sotaverish yaramaydi. Agar bir necha yil ichida TV huquqlari qimmatlashsa (hozircha ularning narxi oshib bormoqda), foydaning bir qismi «Barselona» g‘aznasiga tushmaydi. 

«Barselona» hech kimni sotmayapti