Prezidentning “Milliy gvardiya sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Milliy gvardiyaning sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Milliy gvardiya qo‘mondoniga “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati tuzilmasiga umumiy shtat soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
Belgilab qo‘yilishicha:
- sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi Milliy gvardiya “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati huzuridagi sport kompleksiga tegishli binolar va inshootlar bir qismi negizida belgilangan tartibda bepul ijara asosida (kommunal xizmatlari bundan mustasno) erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha yosh iste’dodli kurashchilarni tanlab olish va tayyorlash bilan shug‘ullanadigan oliy sport natijalariga yo‘naltirilgan muassasa sifatida faoliyat yuritadi;
- sportchilar turar joy, to‘rt mahal ovqat, sport ekipirovkasi, maxsus kiyim-bosh, sport uskunalari va anjomlari bilan ta’minlanadi;
- sport maktabi o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etadi;
- sport maktabida o‘quvchi-sportchilar kontingenti, ularning vazn toifalarini hisobga olgan holda, 60 nafardan iborat etib belgilanadi hamda ta’lim olish muddati sportchi O‘zbekiston terma jamoasi asosiy (yoki zaxira) tarkibida bo‘lgan davr mobaynida davom etadi;
- sportchi lavozimga sport maktabi o‘quvchi-sportchilar kontingenti orasidan qabul qilinadi;
- sport maktabiga o‘quvchi-sportchilarni qabul qilish umumiy kontingentidan kelib chiqqan holda yil davomida amalga oshirib boriladi;
- sport maktabida o‘quv-mashq jarayonining davomiyligi va davriyligi sport musobaqalari taqvimi hamda o‘quvchi-sportchilar har bir guruhi uchun yakka tartibda sport tayyorgarligi davri hisobga olingan holda sport maktabi rahbariyati tomonidan belgilanadi.














