O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Otabek Shukurov 5 yillik faoliyatidan keyin yozgi transfer oynasida «Sharja»dan «Fotih Karagyumruk» klubiga o‘tdi. 26 yoshli futbolchining Birlashgan Arab Amirliklaridan Turkiya Superligasiga ko‘chib o‘tishi oldinga tashlangan qadam ekani shubhasiz. Ayniqsa, o‘zbek yarimhimoyachisining Andrea Pirlo qo‘l ostida to‘p surishi barchani xursand qiladi. Otabek Shukurov Turkiyada Tribuna.uz va Kun.uz muxbiriga ilk eksklyuziv intervyu berdi.

 

«Sharja»dan ketishi va Yevropa klubiga o‘tish maqsadi

- Hali Turkiyaga kelganimizga ikki kun bo‘ldi. «Sharja»dan «Fotih Karagyumruk»ga o‘tishim maqsadim bilan bog‘liq. Avvaldan Yevropada to‘p surishni istaganman, Turkiyada esa Yevropada nom taratgan kuchli klublar bor. «Sharja» bilan oldidan shu masalani muhokama qilib kelganmiz. Oxirgi shartnomalarimda ham shunday band kiritgandikki, Turkiya, Rossiya yoki kuchli beshlik chempionatlaridan taklif bo‘lsa, «Sharja» meni qo‘yib yuborishi talab etilardi. Shunga asosan BAA klubini tark etib, Turkiyaga keldim.

«Fotih» klubi dastlab agentimga taklif bergan, keyin esa «Sharja»ga rasmiy taklif bilan chiqqan. «Sharja» rahbariyati esa ketmasligimni xohlab, hatto menga aytmagan. Bu narsani keyin bilib oldik. Shu bir oy ichida bo‘lgan bu. Agentim ham taklifni aytib turgandi.

Nega aynan «Fotih Karagyumruk»ni tanladi?

- Turkiyaning bu jamoasidan tushgan taklif meni shu jihati bilan e’tiborimni tortdiki, bu klub bosh murabbiyi – Andrea Pirlo ekani bilan bog‘liq edi. Chunki faoliyatimdagi cho‘qqimni Yevropada to‘p surish deb maqsad qilganman. «Sharja»ga o‘tishim ham o‘zi ayrim sabablar bilan ro‘y bergan va bu yerda qolib ketdim. Lekin hammasi Allohdan, nasib qilgani bo‘ladi, baribir. Biz amalini, harakatini maksimal darajada qilib kelganmiz har doim, qolganini Xudoga tavakkal qilganmiz. Mana, Turkiyaga o‘tish nasib qilgan ekan. Tezroq moslashib olishga intilyapmiz.

«Sharja»dan ketish ham oson bo‘lmadi. Ular majbur qo‘yib yuborishdi. Bu klubda 4-5 yil o‘ynab, nafaqat klub rahbariyati, xodimlar, muxlislar, umuman butun Sharja bilan juda yaqin bo‘lib qolgandik. «Sharja» rahbariyatidan boshqa takliflar borligi, BAA va Saudiya Arabistoni klublari ham chaqirayotgani, ammo yanada o‘sish uchun ham Yevropaga o‘tishga ruxsat beringlar deb so‘radim.