“Ishning yarmi haqida xabar berib, yarmi haqida xabar bermaslik odamlarni boshqa tomonga boshlab ketadi. [Ijtimoiy tarmoqlarda] faqat 140-modda bilan, viloyat hokimini haqorat qilgani uchun qamab qo‘yildi deyilyapti, qolgani yo‘q. O‘rtoqlar, insof bo‘lishi kerak-da endi. Ishning 158-moddasi ham bor”, – dedi sud raisi 30 iyul kungi matbuot anjumanida.
Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilishni nazarda tutadi. Buning uchun 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Andijon tumanida yashovchi fuqaro TikTok'da davlat rahbaridan tashqari viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovni ham haqoratlagani aytilmoqda. Bu holat Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismi (OAV yoki internet orqali haqorat qilish) bilan malakalangan. Ma’lumot uchun, ikki yil oldin bu moddadagi ozodlikdan mahrum qilish sanksiyasi olib tashlangan.
Tal’atjon Meliboyev sud hukmi 7 iyul kuni chiqqani, lekin hali qonuniy kuchga kirmaganini ma’lum qildi.















