Yaqindagina Maurisio Pochettino dunyoning eng istiqbolli murabbiylaridan biri hisoblanar edi. «Tottenhem» bilan Chempionlar Ligasi finaliga chiqqach, argentinalikka haqiqiy top-klubda ishlash imkoniyati berilsa, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritadigandek tuyulgan edi. Lekin, aslida, Poch «PSJ»da o‘rtamiyona ish qildi va alamli tarzda ishdan bo‘shatildi. Parijliklar Kristof Galte bilan shartnoma imzoladilar. Lekin u ham katta klublarda ishlamagan va Pochettino yo‘lini takrorlashi mumkin.

Futbolda ba’zan ma’lum bir murabbiyni daho deb atashadi. Shunchaki unga ajoyib tarkib bering va u klubni koinotga uchiradi, chunki o‘rtacha futbolchilar bilan ko‘p narsaga erishgan. Ammo bunday mantiq har doim ham ishlamaydi, quyida shunday misollarni keltiramiz. O‘rtamiyonalar bilan muvafaqiyatga erishgan, ammo top-klublarda yuksak natija ko‘rsata olmagan 10 murabbiyni sanab o‘tamiz.

Foto: Getty Images

10) O‘ninchi o‘rin – Niko Kovach va uning «Bavariya»dagi muvaffaqiyatsizligi. Niko murabbiylik faoliyatini Xorvatiya milliy jamoasida boshladi va «Ayntraxt»da porladi. U 2016 yil bahorida nemis klubiga tayinlandi, frankfurtliklar o‘sha paytda yomon ahvolda edi. Ammo Kovach jamoani qaytadan yig‘di va sog‘lom pragmatizm bilan quvvatlantira oldi. U Bundesligada 8-o‘rinni egalladi, Germaniya kubogi-2018 finalida esa «Bavariya»ni mag‘lub etdi. Shundan so‘ng, myunxenliklar uni murabbiy sifatida sinab ko‘rishga qaror qilishdi.

Xorvatiyalik mutaxassis «Bavariya» bilan chempion bo‘ldi va Kubokni qo‘lga kiritdi. Ammo Chempionlar Ligasi pley-offining birinchi bosqichidayoq kurashdan chiqib ketdi. Garchi jamoaning o‘ziga xos hujum uslubi ko‘rinmasa-da va hatto futbolchilar ham norozi bo‘lsa-da, rahbariyat murabbiyga ikkinchi imkoniyatni berdi.

Murabbiy jamoaga himoyaviy o‘yinni singdira boshladi, vaholanki «Bavariya» har doim hujumkor o‘ynagan. Ikkinchi mavsumda ochko yo‘qotishlar boshlanganida, o‘yinchilar murabbiy atrofida birlashmadi. Shundan so‘ng iste’foga chiqarildi. Keyinchalik, «Monako»da yomon ishlamadi, hozir esa «Volfsburg»ni boshqarmoqda – bu uning darajasi.

Foto: Reuters

9) To‘qqizinchi o‘rin – Andre Villash-Boash. U «Chelsi»da ko‘p vaqt ushlanib qolmadi. Mutaxassisning taqdiri Mourino faoliyatining birinchi bosqichiga juda o‘xshardi – o‘ttiz yoshli Boash bor-yo‘g‘i bir mavsum ichida yevroyulduzga aylandi. 2010 yilning yozida u «Portu» bosh murabbiyi etib tayinlandi va birinchi mavsumdayoq nafaqat chempion bo‘ldi, balki Yevropa Ligasida ham g‘alaba qozondi. Roman Abramovich bu yutuqlardan ta’sirlanib, uni «Chelsi»ga taklif qildi. Portugaliyalik o‘sha paytda tarixdagi ikkinchi eng qimmat murabbiyga aylandi.