Xitoy xalq respublikasi Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi deb hisoblaydi va ertami-kechmi hududni o‘z tarkibiga qaytarishi haqida aytib keladi. Ammo ko‘plab tayvanliklar yetmish yillik alohida yashashdan keyin o‘zlarini alohida xalq deb, orolni esa alohida davlat deb hisoblashni boshlagan, ammo orol hozirgacha mustaqillik e’lon qilmagan, shu bilan birga o‘zini butun Xitoyning qonuniy vorisi deb biladi.

Mojaroning tarixi qanday?

Tayvanga ilk ko‘chib kelganlar avstroneziya qabilalari bo‘lib, ma’lumotlarga ko‘ra, ular hozirgi Xitoy janubidan ko‘chib o‘tishgan.

Orol xitoyliklarning solnomalarida, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, eramizning 239 yilida ilk bor qayd etilgan, o‘shanda xitoyliklar imperatori bu hududni o‘rganish uchun ekspeditsiya korpusi yuborgan — Pekin ushbu fakt bilan orolga egalik huquqini asoslamoqchi bo‘ladi.

Qisqa muddat davomida, 1624 yildan 1661 yilga qadar Tayvan gollandlar mustamlakasi bo‘lgan, keyin esa, 1683 yildan 1895 yilga qadar xitoyliklarning Sin sulolasi hukmida bo‘lgan.

O‘shanda, XVII asrda, Tayvanga Xitoyning materikdagi hududidan ko‘plab odamlar oqib kela boshlagan, odamlar tartibsizliklar va qashshoqlikdan qochib o‘tishgan. Ularning aksari Fuzyan provinsiyasi hududidagi xoklo xitoylari yoki Guandun provinsiyasida yashagan xakka xitoylari bo‘lishgan. Ularning avlodlari bugungi kunda oroldagi eng yirik demografik guruhni tashkil qilishadi.

1895 yilda, birinchi xitoy-yapon urushi boshlangach, Sin sulolasi Tayvanni Yaponiyaga qoldirishga majbur bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi yakunida Yaponiya Xitoydan tortib olingan hududlarni nazorat qilishdan voz kechadi. Urush g‘oliblaridan biri bo‘lmish Xitoy Respublikasi — o‘z ittifoqchilari AQSh va Buyuk Britaniya roziligi bilan Tayvanni boshqara boshlaydi.

Ammo keyin Xitoyda Chan Kayshi boshqaruvidagi Gomindan partiyasining milliy hukumati va Mao Tszedun rahbarligidagi Xitoy Kommunistik partiyasi qo‘shinlari o‘rtasida fuqarolik urushi boshlanib ketadi. Yakunda Gomindan mag‘lubiyatga uchraydi.

1949 yilda Chan Kayshi o‘z tarafdorlari bilan - ularning soni bir yarim million atrofida bo‘lgan - Tayvanga qochib o‘tadi. U bu yerda surgundagi hukumat ta’sis etib, o‘ziga bo‘ysungan hududni Xitoy Respublikasi deb e’lon qiladi va keyingi 25 yilda hukmronlik qiladi.