AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga bir kunlik tashrifi itoatsiz orol atrofidagi keskinlikni kuchaytirdi: payshanba kuni Xitoy mashg‘ulotlar chog‘ida orol tomon o‘ndan ortiq ballistik raketalar uchirdi, uning akvatoriyasida xitoyliklarning harbiy kemalari manyovrlar qilmoqda, Tayvan hukumati esa davlat idoralari saytlariga kiberhujumlar uyushtirilganini ma’lum qildi.

Nensi Pelosi 4 avgust kuni Janubiy Koreyaga uchib ketdi, u bu safar doirasida Koreya demilitarizatsiya hududining Shimoliy va Janubiy Koreya harbiylari yuzma-yuz turadigan yagona qismi - Qo‘shma xavfsizlik zonasiga tashrif buyurishni ham rejalashtirgan.

Tayvan atrofidagi suvlar va osmonda nimalar bo‘lmoqda?

Tayvan mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, payshanba kuni Xitoy orol atrofida suv va havoda o‘tkazilayotgan misli ko‘rilmagan harbiy mashg‘ulotlar vaqtida o‘ndan ortiq ballistik raketalar uchirdi.

Tayvan harbiylari da’vo qilishicha, qo‘shnilar orolning shimoliy, janubiy va sharqiy qirg‘oqlari yaqinidagi o‘quv nishonlari tomon ana shunday 11 ta raketani uchirishgan. Bundan tashqari, raketalar Tayvanning Matszu orollari tomon ham uchib kelgan.

Xitoy o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar - oldindan rejalashtirilgani, raketalar esa dengizning Tayvandan sharqdagi qismida joylashgan nishonlarga aniq borgani haqida ma’lum qilgan. Tayvan harbiylari raketalar qayerga qulagani yoki ular orol ustidan uchib o‘tgan-o‘tmagani borasida aniqlik kiritmagan.

Tayvan chegarachisi dengizda bo‘layotgan hodisalarni kuzatmoqda. Foto: EPA

Rejalashtirilgan mashg‘ulotlar haqidagi da’volarga qaramay, Tayvandagilar Pekin ularni orolga so‘nggi 25 yil ichida kelgan eng yuqori martabali amerikalik siyosatchi Nensi Pelosining tashrifiga javoban boshlangan degan fikrda.

Xitoy spiker Pelosining Pekin o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi deb biladigan orolning o‘zini-o‘zi boshqaruvchi demokratiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun kelganidan darg‘azab bo‘ldi.

Mashg‘ulotlar dunyoning eng gavjum bo‘ladigan suv yo‘llari bo‘ylab o‘tkazilmoqda, bu esa orolga suv orqali borish va kelish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan, shuningdek orolga reyslar amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda.