5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida 2022 yilgi davlat dasturining I yarim yillikdagi ijrosi yuzasidan hukumat hisoboti eshitildi. Majlisda senatorlar hukumatdan chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash masalasi dasturida belgilangan ishlar qay tarzda ketayotgani haqida so‘radi.

Savolga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umarbek Xalilov javob berdi.

“Haqiqatan ham, davlat dasturining 292-bandida maishiy chiqindilarni yig‘ishni 100 foizga, uni qayta ishlashni 21 foizdan 50 foizga yetkazish bo‘yicha talab belgilangan. Bu vazifalarning ijro mexanizmini qaraydigan bo‘lsak, alohida dastur ishlab chiqib, kelasi 5 yilda amalga oshirish belgilanganini ko‘rish mumkin.

Bugungi kunda respublikada yil davomida 7 million tonna maishiy chiqindi chiqadi. 307 ta qayta ishlovchi korxonalar tomonidan ularning bor-yo‘g‘i 1,8 million tonnasi yoki 26 foizi qayta ishlanadi. Undan 1400 tonna mahsulot ishlab chiqariladi. Yil yakuniga qadar buni ellik foizga chiqarish imkoniyati yo‘q.

Shuningdek, 2022 yil 2 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda maishiy chiqindilarni yig‘ishni 95 foizga, qayta ishlashni 40 foizga yetkazish bo‘yicha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan «Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi hududlarida tozalikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi va Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Unga asosan 2022-2025 yillarda:

  • 29 ta maishiy chiqindi poligonlarini rekonstruksiya qilish;
  • 437 ta chiqindilarni yig‘ish maydonchalarini qurish;
  • 26 ta qurilish chiqindi va poligonlarini qurish va jihozlash;
  • 18 ming 867 ta konteynerlarni xarid qilish;
  • 60 ta tibbiyot uchastkalarini qurish va texnik vositalar bilan ta’minlash;
  • 38 ta qayta yuklash stansiyalarini qurish, ularni 164 ta maxsus texnika va 181 ta yirik hajmli konteynerlar bilan ta’minlash;
  • 40 ta chiqindi saralash uskunalarini o‘rnatish maqsad qilib olingan.

Mana shu tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida [maishiy chiqindini qayta ishlashni] 40 foizgacha yetkazish bo‘yicha oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Prezidentimiz tomonidan ushbu hujjat imzolangach bu ishlarni amalga oshirishimiz mumkin.