Kusherbayev bu haqda UzReport telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Kun.uz qonunchining intervyuda bildirgan fikrlaridan tezislarni keltirib o‘tadi.

Nima o‘zgaradi?

— Konstitutsiyaning 30-moddasi o‘zgartirishga qanchalik muhtoj-muhtojmasligi haqida bir narsa deyishim qiyin, chunki shaxsan bu masalaga to‘qnash kelmaganman. Lekin hozir taklif qilinayotgan qo‘shimchalar haqiqatda odamlar uchun juda ham foydali ekanini aytishim mumkin.

Bu o‘rinda hozirgi Konstitutsiyamizning shu moddasi qanchalik ishlagan, degan savol tug‘iladi. To‘g‘ri, amaldagi 30-modda ham fuqarolar o‘zlarining haq-huquqlariga oid bo‘lgan axborotni mansabdor shaxslardan, mas’ul idoralardan olishi mumkinligi, o‘zlarining haq-huquqlari va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, materiallar bilan tanishishlari mumkinligi belgilangan. Mansabdor shaxslarga bunday ma’lumotlarni taqdim etish majburiyat sifatida yuklatilgan.

Amalda ushbu moddaning ishlashi qanchalik ta’minlandi? Konstitutsiyada bunday norma belgilanganiga qaramasdan, bir qator idoralarimiz, hukumatning ayrim qarorlarida fuqarolarning haq-huquqlariga daxldor hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilmasligi davlat sirlari, milliy xavfsizlik bilan bog‘liqligi orqali talqin qilingan. Ba’zida qaysidir amaldor xohlamagani uchun ham so‘ralgan ma’lumotni taqdim etmasdi.

Fuqaro kimga shikoyat qilishni ham bilmasdi, shikoyat qilish mumkin bo‘lgan joy Konstitutsiyaviy sud bo‘ladigan bo‘lsa, u yerga fuqarolar murojaat qilish huquqiga ega emasdi. Bunday huquq o‘zbekistonliklarga yaqinda berildi. Umid qilamizki, taklif etilayotgan o‘zgarishlar kuchga kirsa, Konstitutsiyadagi normalarga zid bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, fuqarolarning haq-huquqlariga oid bo‘lgan axborotlar tanishishini cheklovchi cheklovlar bekor bo‘ladi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 30-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchada shaxsning o‘ziga taalluqli hujjatlar va ma’lumotlarga oid huquqlari aniq yozilmoqda. Unga ko‘ra, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga o‘z huquqlariga va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonunchilik hujjatlari, shuningdek hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart