O‘zbekiston | 14:59 / 10.08.2022
14884
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda eski uylar narxi 12 foizga, yangi uylar narxi 8,3 foizga oshdi

Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2021 yil avgustdan 2022 yil iyulgacha bo‘lgan davr uchun Toshkent shahrida uy-joy narxlari o‘zgarishini tahlil qildi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdi shartnomalari soni 2022 yil 7 oyida salkam 49 mingtani tashkil etdi (bu respublika bo‘yicha tuzilgan bitimlarning 27 foizi) va o‘tgan yil mos davriga (48,3 ming) nisbatan deyarli o‘zgarmadi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2022 yil iyul oyida Toshkent shahrida eski uylar narxlari 2021 yil mos davriga nisbatan o‘rtacha 12 foizga, yangi uylar esa 8,3 foizga oshdi. 

Ta’kidlanishicha, joriy yil may oyidan beri birlamchi bozorda ham (1 kvadrat metr uchun maydagi 943,6 dollardan iyulda 919,9 dollarga), ikkilamchi bozorda ham (891,1 dollardan 882,6 dollarga) narxlar tushib kelmoqda.

Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida uylar narxlari Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha narxidan (yangi uylar - 1 kvadrat metri 957,2 dollardan, eski uylar - 888,3 dollardan) yuqori. Eng past narxlar esa Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, joriy yil 6 oyi davomida davlat dasturlari doirasida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari uy-joy bozorida faollik saqlanib qolishiga katta xizmat qilgan.

Mamlakatda 2022 yil yanvar-iyul oylarida 41,44 ming kishiga 7,6 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari berilgan, shundan 5,5 trln so‘m Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan, 1,78 trln so‘m tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan. 

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozorida uy-joyga bo‘lgan talab deyarli o‘zgarishsiz qolgan bir paytda narxlar oshishi qurilish kompaniyalari va mulk egalari inflatsiya va so‘m almashuv kursi bo‘yicha kutilmalari bilan izohlanishi mumkin.

Mavzuga oid