Kechroq pensiyaga chiqqanlarga koʻproq pul berish tizimi yaratilishi mumkin

Pensiyaga chiqishni 6 yoki 12 oyga kechiktirgan fuqarolarni moliyaviy jihatdan ragʻbatlantirish rejalashtirilyapti. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, yuqori daromaddan ijtimoiy soliq toʻlayotgan hamda pensiya yoshida mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida 2028-yil 1-apreldan boshlab birinchi marta pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasi:

- pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan 13 baravariga;

- 6 oy kech pensiyaga chiqilganda - pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 14 baravarigacha;

- 12 oy kech pensiyaga chiqilganda - pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravarigacha oshirish taklif etilyapti.

Buning natijasida hisoblanadigan maksimal miqdoridan koʻproq oylik oladiganlar 6 oy kech pensiyaga chiqqanda oyiga 277,2 ming soʻmgacha yoki 8 foizga,12 oy kech chiqqanda esa oyiga 554,4 ming soʻmgacha yoki 15 foizga koʻproq pul olishi mumkin.

Maʼmuriy tartibda 10 sutkagacha ushlab turish normasi Konstitutsiyaga zid deb topildi

«Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 288-moddasi ikkinchi qismining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash haqida»gi Konstitutsiyaviy sudning qarori qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 288-moddasi ikkinchi qismining Konstitutsiya 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiqligini aniqlashni soʻragan edi.

Konstitutsiyaviy sud qarori bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 288-moddasi ikkinchi qismidagi «xuquqbuzarning shaxsini va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash uchun zarur boʻlgan hollarda esa – ushlash paytidan boshlab yigirma toʻrt soat ichida prokurorga yozma tarzda maʼlum qilib, 3 sutkagacha yoki huquqbuzarda oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjat boʻlmasa, prokurorning sanksiyasi bilan 10 sutkagacha muddatga ushlab turilishi mumkin»ligini nazarda tutuvchi norma Konstitutsiyasining 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiq emas deb topildi.

Bu qoida asosan chegara tartibini yoki chegara oʻtish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslarga tegishli edi. Endi «chegara holati» yoki «hujjat yoʻq» degan sabab bilan odamni sudsiz sutkalab ushlab turishga huquqiy asos yoʻq. Davlat organi 48 soat ichida yo sud qarori olishi yoki shaxsni qoʻyib yuborishi kerak.

Sirdaryodagi elektr stansiyasida 1600 MVt quvvat avariyaviy oʻchdi

Sirdaryo viloyatidagi EDF kompaniyasiga tegishli yangi issiqlik elektr stansiyasida 1600 MVt quvvat avariyaviy oʻchdi. Oqibatda respublikaning ayrim hududlarida elektr taʼminoti vaqtincha uzildi. Hozir barcha isteʼmolchilar tarmoqqa qayta ulangani aytilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, stansiya yangi qurilgan boʻlib, ayni vaqtda unda sinov-sozlash ishlari olib borilmoqda. Stansiyadagi avariyaviy oʻchish natijasida avariyaga qarshi avtomatika ishga tushgan. Buning oqibatida asosan qishloq xoʻjaligi suv nasoslari va aholi isteʼmolchilarining elektr taʼminotida uzilishlar kuzatilgan.

Elektr taʼminotini tiklash uchun energiya saqlash tizimlari hamda elektr stansiyalaridagi zaxira quvvatlar ishga tushirilgan. Isteʼmolchilar bosqichma-bosqich tarmoqqa qayta ulanib, barchasining elektr taʼminoti tiklangan.

Toshkent viloyatida prokuror yordamchisi qoʻlga olindi

Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumani prokurori yordamchisi fuqarodan 4700 AQSH dollarini noqonuniy olayotgan vaqtda ushlandi. DXX maʼlumotiga koʻra, u mashina oldi-sotdisi bilan bogʻliq masalani hal qilish va 600 mln soʻmlik imtiyozli kredit olishga koʻmaklashish evaziga jami 12 ming dollar talab qilgan. Tadbir davomida u talab qilingan mablagʻning 4700 dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvda mazkur fuqarodan avval ham 1300 dollar olgani aniqlangan. Hozir holat yuzasidan prokuror yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish chorasi koʻrilmoqda.

15 ta onlayn narkodoʻkon faoliyati tugatildi

Joriy yilning 8 oyida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq 12104 ta jinoyat hamda 1410 ta maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlandi. Bu haqda Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi maʼlum qildi.

Agentlik maʼlumotlariga koʻra, ushbu davrda 89 ta yirik narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyilgan. Ulardan 1,4 tonna anʼanaviy va 61,7 kilogramm sintetik giyohvandlik vositalari, shuningdek, 4,6 million dona psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar olib qoʻyilgan.

Shuningdek, 15 ta onlayn narkodoʻkon faoliyati tugatilgan. Narkotiklar savdosi bilan shugʻullangan, jami 630 mingdan ortiq obunachi va aʼzoga ega 1911 ta internet resursi bloklangan. Ularning 609 tasi Telegram boti, 1004 tasi yopiq, 298 tasi esa ochiq kanal, guruh va chatlardan iborat.