Qayd etish joizki, 1 avgustdan e’tiboran Twitter mikrobloglar servisi blokirovkadan ozod qilingach, bu yerda ham foydalanuvchilarning tashabbuslari bilan davlat organlari rahbarlari hamda xodimlari fuqarolar bilan muloqot qilishga kirishmoqda. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqda xususiy mulk daxlsizligi mavzusida audiochat o‘kazildi.

Muloqotga Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev, prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov, Bosh prokuratura Akademiyasi korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ma’rifiy markazi rahbari Bahodir Ismoilov, Oliy sud sudyalari Navro‘z Rahmonov va Sarvarbek Rahmonov, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Tillayev, Moliya vazirligi departament direktori Ruslanbek Mamanov, Qurilish vazirligi mas’ul xodimlari Akbar Rajabov va Hamza Ochilov va boshqalar spiker sifatida taklif etildi.

Suhbatni Hikmatilla Ubaydullayev, Nazira Inoyatova va Shuhrat Shokirjonov olib bordi. Unda turli davlat idoralari mas’ul xodimlari, sudyalar fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

«So‘nggi yillarda «snos» muammosi uy-joy daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq qonunchilikdagi mavjud kamchiliklarni ko‘rsatib berdi. 2020 yilda «snos»ga tushgan mulklarning atigi 45 foiziga kompensatsiya to‘lab berilgan, qolgan qarzdorlik 2021 yilda to‘liq qoplab berilgan bo‘lsa-da, orada kompensatsiya pulini kutgan aholi sarsongarchiligiga yo‘l qo‘yildi. Konstitutsiyaga «Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi» mazmunidagi qoidaning kiritilishi bu muammoga yechim bo‘la oladimi yoki yo‘qmi, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirayotgani tabiiy. Turar joy daxlsizligi bu egasining roziligisiz uning turar joyiga kirishga, unga har qanday zarar yetkazishga hech kimning haqqi yo‘qligini anglatadi», — dedi Hikmatilla Ubaydullayev.

Xususiy mulk masalasi Konstitutsiya darajasiga ko‘tarishga nima sabab bo‘ldi?

«Aslida xususiy mulk daxlsizligi va «snos» bilan bog‘liq masalalar O‘zbekiston qonunchiligida oldindan bor edi. Masalan, Fuqarolik va Shaharsozlik kodekslarida va boshqa hujjatlarda bu o‘z aksini topgan. Biroq so‘nggi yillarda ushbu sohadagi hujjatlar turli munosabatlarni har xil talqin qilishga olib keldi va bir qator muammolar paydo bo‘ldi. Ushbu masalaning Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilishi mulk daxlsizligi bilan bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarning muhim jihatlarini mustahkamlashga qaratilgan», — dedi Bahodir Ismoilov.