UYeFA Superkubogi. 10 avgust (chorshanba)
Real Madrid – Ayntraxt Frankfurt - 2:0
Helsinki, «Olimpiya» stadioni.
Gollar: 1:0 – 37 Alaba, 2:0 – 65 Benzema.
Real Madrid – Kurtua, Karvaxal (Ryudiger, 85), Alaba, Militao, Mendi, Modrich (Rodrigo, 67), Kroos (Tchuameni, 85), Kazemiro, Valverde (Kamavinga, 76), Benzema, Vinisius Junior (Sebalyos, 85).
Ayntraxt F – Trapp, Ture (Alario, 70), Ndika, Tuta, Lens, Rode (Gyotse, 58), Sou, Kamada, Lindstrem (Kolo-Muani, 58), Knauff, Borre.
Ogohlantirish: Alario (90).
62 yil o‘tib
UYeFA Superkubogi ko‘rgazmali sovrin sifatida qolmoqda, shu tufayli bu o‘yinlardan hamisha ochiq va tomoshabop futbol kutishadi. «Real» va «Ayntraxt» o‘yini arafasida esa alohida gollar yomg‘irini kuta boshlashdi — hammayoqda shu raqiblar o‘rtasida 1960 yilda bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionlari kubogi o‘yinidagi anomal hisob qayd etilgan skrinshotlar tarqaldi. O‘shanda madridliklar 7:3 hisobida g‘alaba qozonishgan. Ferens Pushkash pokerni rasmiylashtirgan, Alfredo Di Stefano esa — het-trik.
62 yil o‘tib ko‘p narsa juda o‘zgarib ketdi. Ammo hammasi emas. Masalan, «Real» o‘tgan asr o‘rtalaridagi kabi tez-tez asosiy yevrokuboklar finallarida ustun keladi, garchi boshqa 7:3 hisobi qayd etilmagan bo‘lsa-da. May oyida Vinisiusning birgina aniq zarbasi «Qirollik klubi»ga «Liverpul»ga qarshi YeChL finalida g‘alabani ta’minlagandi.
«Ayntraxt» esa — anchadan buyon Yevropa eshelonining ikkinchi yoki uchinchi darajasi vakiliga aylanib qolgan. Ochig‘ini aytish kerakki, nemislar klubi tufayli Superkubok anshlag hosil qila olmadi. Frankfurt jamoasi ham sovringa munosib edi, klub Yevropa Ligasi g‘olibligi yo‘lida qator nomdod raqiblarni mag‘lub etdi. Ammo «Barselona» chorakfinalda aynan «Ayntraxt»ga yutqazib chiqib ketmaganida va finalga yetib borib, kubokni qo‘lga kiritganida Helsinkidagi Superkubok arafasidagi ajiotaj qanday bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin. UYeFA Superkubogida klasiko! Finlandiyaning sokinlikka cho‘mgan poytaxti shu kuni do‘zax qozonidek qaynagan bo‘lardi.
Turli vazn toifasidagi raqiblar
Ammo bu finalda ham intrigalar yetarli edi. Masalan, «Real» UYeFA Superkubogida g‘olib bo‘lish bo‘yicha yetakchi ikki jamoa — «Barselona» va «Milan»ga yetib olish uchun o‘ynashi mumkin edi. Karlo Anchelottida esa turnir tarixidagi eng sovrindor murabbiy maqomini qo‘lga kiritish imkoni yuzaga kelgandi. Shu bilan birga, madridliklar yozgi tanaffusdan keyin final o‘yiniga yuz foiz tayyor holatda deyish qiyin edi. Anchelotti Parijda YeChL g‘olibligi uchun «Liverpul»ga qarshi o‘ynagan tarkibni tushirishga qaror qildi.















