Nima o‘zgarmoqda?
Amaldagi Konstitutsiyaning 24-moddasida “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, deya qayd etilgan. Taklif etilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, bu moddaga “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan yangi jumla qo‘shilmoqda.
Mutaxassislar yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgani, Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi norma ushbu huquq har kimning ajralmas huquqi sifatida tan olinishiga asos bo‘lishi, shu tariqa davlatimiz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini tasdiqlashini ta’kidlashmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, 1994 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida 33 ta modda bo‘yicha o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin edi. Keyinchalik jinoiy jazolar liberallashtirilib, 2008 yilgacha qonunchilikka muvofiq ikki turdagi jinoyat, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun o‘lim jazosi qoldirilgan.
2008 yil 1 yanvardan barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosi bekor qilingan. Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartirish nafaqat o‘lim jazosini bekor qilish, balki qat’iy ravishda O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi va qayta tiklanmasligini ko‘zda tutadi.
Farhod Primov, IIV Akademiyasi mas’ul xodimi, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi:
— Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadigan bo‘lsak, o‘lim jazosini tiklash kerak degan takliflar ham uchrayapti. Ayrim fuqarolarimiz bu taklifni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rish mumkin. Xususan, ba’zi bir og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlar, voyaga yetmagan shaxslarga tegajoqlik qilish, qotillik, seriyali qotillik jinoyatlarini sodir etganlarga nisbatan va hatto korrupsiya holatlari uchun o‘lim jazosini tiklash kerak, degan fikrlar bildirilmoqda.
Albatta, har kim o‘z fikrini bayon qilish huquqiga ega, lekin O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasi aniq va qat’iy belgilangan. 2005 yildan amalda va 2008 yildan rasman O‘zbekistonda o‘lim jazosi bekor qilingan. Yurtdoshlarimizda o‘lim jazosi shundoq ham bekor qilingan bo‘lsa, nega bu masala Konstitutsiyaga kiritilyapti, degan savol tug‘ilishi mumkin.
Qonunlarimizga ko‘ra, bunday jazo turi mamlakatimiz hududida bekor qilingan. Konstititutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgarishda o‘lim jazosini taqiqlash haqida gap ketmoqda. Ya’ni bekor qilish va taqiqlash bu mutlaqo boshqa-boshqa mazmundagi tushunchalar. Agar Konstitutsiyaga ushbu norma kiritilsa, bu o‘zgarish o‘lim jazosi O‘zbekistonda abadul-abad qo‘llanilmasligini anglatadi.


















