O‘zbekistonda ayni kunda davom etayotgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish jarayonida intellektual mulkka bo‘lgan huquq muhofazasiga doir takliflar ham bor. Xususan, asosiy qomusning 36-moddasi “Har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan intellektual mulkka bo‘lgan huquqqa ega”, – deya to‘ldirilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bu mavzu aktual bo‘lib bormoqda. Shu o‘rinda intellektual mulk tushunchasi, uning himoyasi hamda huquqiy kafolatlari mavzusida Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual mulk huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Shohjahon Xo‘jayev bilan suhbatlashdik.

— Assalomu alaykum, Shohjahon aka! Avvalo, intellektual mulk tushunchasiga izoh berib o‘tsangiz. Nimalar intellektual mulk hisoblanadi?

— Intellektual mulk aqliy yoki ijodiy faoliyat mahsuli sanaladi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ushbu mahsulotga nisbatan huquqni anglatadi. Misol uchun, adib tomonidan yozilgan asar yoki roman, rassom tomonidan chizilgan surat, olim tomonidan yaratilgan ixtiroga bo‘lgan huquq. Oddiy mulkdan farqli o‘laroq, intellektual mulk biron bir moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmasligi ham mumkin (masalan, xoreografiya asari yoki pantomima). Intellektual mulk keng qamrovli tushuncha bo‘lib, unga quyidagilar kiradi:

  • mualliflik huquqi (fan, adabiyot va san’at asarlari);
  • turdosh huquqlar (ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari);
  • sanoat mulki (ixtiro, foydali model va sanoat namunalari);
  • EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari;
  • shaxsiylashtirish vositalari (firma nomlari, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi, geografik ko‘rsatkichlar);
  • seleksiya yutuqlari (o‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlari);
  • oshkor etilmagan axborot, ishlab chiqarish sirlari (nou-xau);
  • integral mikrosxema topologiyalari.

— Ijtimoiy tarmoq, Telegram-kanallardagi shaxsiy fikrlar yozilgan postlar, shaxsiy fotosuratlar ham intellektual mulk hisoblanadimi?

— Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ijodiy mehnat natijasida yaratilgan asar intellektual mulk sifatida himoya qilinadi. Mazkur holatda, agar post ijodiy tusga ega bo‘lsa, u himoya qilinadi. Deylik, post o‘ziga xos ravishda ifodalangan, ya’ni yozilgan bo‘lsa, u intellektual mulk hisoblanadi. Biroq oddiy axborot ko‘rinishidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar intellektual mulk hisoblanmaydi. Binobarin, postda oddiy axborot yoki yangilik aks etgan bo‘lsa, u intellektual mulk bo‘lmaydi.