
Jakarta, Indoneziya / Foto: fakta.news
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 1994 yilgi Dubay bilan bugungi Toshkentni solishtirgani jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Jamoatchilik faollari – Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov va Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov o‘zaro suhbat-podkastida shu mavzudagi fikrlari bilan bo‘lishdi.
Behzod Hoshimov shu yil Dubayga borgani, u yerda shaharsozlik bo‘yicha qilingan xatolar tuzatilayotganini aytgan.
“1988 yil bilan solishtirsak, bugun Toshkentda kishi boshiga avtomobillar soni 6 barobar ko‘proq. Oldin kishi boshiga nisbatan avtobus o‘rinlari ko‘proq edi. 1994 yilda Toshkent bundan 1,5 barobar yashilroq edi, jamoat transportida yuradiganlarning ulushi ham ko‘proq edi.
Dubay haqida aytadigan bo‘lsak, u yerda 2010 yilda zo‘rg‘a metro paydo bo‘ldi. Hali ham shaharsozlikning eng yomon namunalari borasida Dubaydan yomonroq misol topish qiyin. Balki undan yomoni Las Vegas bo‘lishi mumkin. Men borgan shaharlarning ichida urbanizatsiya nuqtayi nazaridan eng yomoni – Dubay. Ehtimol Las Vegasdan yaxshi bo‘lishi mumkin, lekin Dubay – O‘rta Sharq Las Vegasi. Hozir hukumat yillar davomida qilingan xatolarni tuzatyapti. Va bu xatolarni tuzatish uchun juda qimmat to‘lashyapti. Chunki vaqt nuqtayi nazaridan bir joydan ikkinchi joyga borish juda qiyin bo‘lib qolgan.
Dubayda bormoqchi bo‘lgan masofangiz qisqa bo‘lishi mumkin, lekin u joyga yetib olishingizga juda ko‘p vaqt ketadi. Shaharning asosiy markaziy ko‘chasi – Shayx Zayd ko‘chasida turgan bo‘lsangiz, uning narigi tomoniga o‘tish uchun mashinada 4 km yurishingiz kerak. Bu xatolar ustida ishlar boshlangan. Bog‘lar, piyodalar uchun sharoitlar qilinyapti. O‘ylaymanki, Dubay keyingi 30 yilda normal holatga kelib qoladi. Lekin Dubay qilgan xatolarni qilishimiz shartmi?” – deydi u.
Botir Qobilov esa Toshkentda qilinishi kerak bo‘lgan har qanday xatoning ikki barobari qilindi, deb hisoblaydi.
“1988 yildagi Navoiy ko‘chasining rasmi bor va hozirgi bilan solishtira olaman. Birinchidan, jamoat transporti juda yomonlashdi, tramvay va trolleybus yakson qilindi. Agar 2005-2006 yillardagi hujjatlarni ko‘tarib ko‘rsangiz, tramvay va trolleybusni yo‘qotishning asosiy sababi sifatida uning rentabelligi va avtomobillarga xalaqit qilayotgani keltirilgan. Shahar aholisi, ya’ni jamoat muhokamasi eshitilmagan.






