– Yaqinda internetda To‘ra Bobolovning ovozi ekani aytilayotgan audio tarqaldi, unda viloyat hokimi qaysidir jinoyat ishini nima uchun qo‘zg‘atding, deb tuman prokuroriga bosim o‘tkazayotganini eshitish mumkin. Nega mening odamimga bunday qilyapsan, degan ma’no kelib chiqyapti uning so‘zlaridan.

– Men Surxondaryo viloyati hokimining ovozi ekani aytilayotgan audioyozuvlar haqqoniyligini o‘rganish bo‘yicha ekspertiza tayinlangani haqida o‘qidim. Menimcha, buning tagiga yetish qiyin narsa ham emas. Men audiodagi ovoz chindan ham To‘ra Bobolovniki ekaniga ishonyapman. Bu narsa allaqachon tasdig‘ini topib bo‘lgan bo‘lsa ham kerak.

Men shu masala bo‘yicha nima uchun haligacha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaganiga hayronman. Aslida bu – qonunchilik nuqtayi nazaridan tergov faoliyatiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri bosim qilish, aralashish hisoblanadi. Bu yerda ham ikkiyuzlamachilik qilinyaptiki, agar shu ishni fuqaro qilganda hozir panjara ortida javobini berib o‘tirgan bo‘lardi. Lekin bu ishni amaldor qilyapti. Unga kelganda qanday yondashuv bo‘layotganini ko‘rib turibsiz, demak, shu misol ham ko‘rsatyaptiki, bizda qonunlarni qo‘llashda birxillik, tenglik siyosati yo‘q.

– Xuddiki, hokimlar daxlsizday...

– O‘zi-chi, daxlsiz degan tushunchaning o‘zi noto‘g‘ri. Konstitutsiyaga ko‘ra, har bir fuqaroda umumiy daxlsizlik huquqi bor.

– Yo‘q, aytmoqchimanki, jinoyat qilsa ham, qonunni buzsa ham hokimlarning javobgarlikka tortilmasligini nazarda tutyapman.

– Amalda shunday-ku. Daxlsizday emas, 100 foiz shunaqa. Qonunda ularga daxlsizlik berilmagan bo‘lsa ham, amalda to‘liq daxlsizlikka ega. Qonunda belgilanmagan, yozilmagan qoidalar bizda zo‘r ishlaydi.

Avvalroq Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Angor tumani prokurorini haqoratlagani audiosi internetga sizdirilgan, unda viloyat hokimi o‘ziga yaqin bo‘lgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortayotgani uchun prokurorni haqorat qilib, tergovga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashgani aks etgandi.

Bosh prokuraturaning holat yuzasidan bergan bayonotida audioyozuvlar haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar o‘rganilayotgani aytilgan