O‘zbekiston | 16:20 / 27.08.2022
15243
4 daqiqa o‘qiladi

Zarafshon daryosidagi zaharlangan baliqlar voqeasi: Ish hamon tergovda

“Navoiyazot” tomonidan oqizilgan zararli moddalar sabab Zarafshon daryosidagi minglab baliqlar qirilib ketganiga qariyb bir yil bo‘ldi. Shuncha muddat o‘tgan bo‘lsa ham tergov harakatlari hamon yakuniga yetmagan. Bosh prokuratura holatni o‘z nazoratiga olgani aytilgandi. 

Foto: Kun.uz

2021 yilning oktyabr oyi boshida Zarafshon daryosida minglab baliqlarning qirilib ketishi bilan bog‘liq ekologik inqiroz sodir bo‘ldi. Keyinchalik baliqlar “Navoiyazot” korxonasi tomonidan daryoga me’yoridan ortiqcha zararli moddalar tashlangani tufayli nobud bo‘lgani oydinlashdi. Voqea mahalliy aholi orasida va ijtimoiy tarmoqlarda katta e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Kun.uz mavzuga qaytib, aybdorlarga qanday jazo tayinlangani bilan qiziqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar hamda o‘rganish natijalarini 2021 yilning oktyabr oyida viloyat prokuraturasiga taqdim qilgan. Prokuratura holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atib, dastlabki tergov harakatlarini boshlagan. Ammo tergovchilar negadir ishni qariyb 1 yildan buyon yakuniga yetkazmagan.

Aslida, yuzaga kelgan ekologik inqirozga zararli kimyoviy moddalar sabab bo‘lgani yuzasidan bir nechta tashkilotlarning xulosalari mavjud. Jumladan, Navoiy viloyati SEO va JSX boshqarmasining 2021 yil 9 oktyabrdagi 94-sonli bayonnomasida ko‘rinishicha, “Navoiyazot” AJga qarashli 267-quduqdan olingan tahlillarda azot ammoniy, azot nitrat va azot nitrit belgilangan me’yorlardan bir necha barobar yuqoriligi aniqlangan.

Shuningdek, respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi tomonidan 18 dona baliq patologanatomik tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, baliqlar aynan kimyoviy moddalar bilan zaharlangan.

2021 yilning 29 oktyabr kuni Bosh prokuratura axborot xizmati holat yuzasidan yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-moddasi (Atrof tabiiy muhitni ifloslantirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Navoiy viloyati prokuraturasi esa holat bo‘yicha tegishli soha mutaxassislari jalb qilingan holda keng qamrovli tekshiruv o‘tkazilgani, Zarafshon daryosiga azot ammoniy, nitrit va boshqa kimyoviy moddalar me’yoridan ortiqcha miqdorda oqizilganligi oqibatida daryodagi ko‘plab baliqlar nobud bo‘lgani hamda holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan 2021 yil 28 oktyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgandi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 351-moddasiga ko‘ra, dastlabki tergov harakatlari jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab uch oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim. Dastlabki tergov muddati viloyat prokurori tomonidan 5 oygacha, Bosh prokuror va uning o‘rinbosarlari tomonidan 7 oygacha uzaytirilishi mumkin. Baliqlarning nobud bo‘lishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganiga esa 10 oy bo‘ldi. Tergov harakatining bu shaklda asossiz ortga surilayotgani ishni imi-jimida yopib yuborishga urinish bo‘lmayaptimikan, degan savolni yuzaga chiqaradi.  

Eslatib o‘tamiz, ushbu voqeada tabiatga yetkazilgan zarar miqdorining o‘zi 4 mlrd 800 mln so‘mdan ko‘proq ekani aniqlangan. “Navoiyazot” AJ tomonidan tashlangan zaharli chiqindilar sabab daryoda 1659 dona Turkiston mo‘ylabdori, 474 dona zog‘orabaliq, 195 dona laqqa, 536 dona do‘ngpeshona, 4521 dona tovonbaliq, 3425 dona sazan hamda 2,5 kg daryo qisqichbaqasi nobud bo‘lgan.

Mavzuga oid