2022 yil 26 avgust kuni Rossiya tinchlikparvar kuchlari butun mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan olti kilometrlik tog‘ yo‘li bo‘lmish Lochin yo‘lagi ustidan nazoratni Ozarboyjonga topshirdi. Bu yo‘l Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘laydi.

Ozarboyjon armiyasi Lochin shaharchasini egalladi, Sus va Zabux qishloqlari ham nazorat ostiga olindi, deb xabar berdi mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev. «Barcha Lochin aholisini va Ozarboyjon xalqini ushbu bayram bilan tabriklayman», — deb yozdi u Twitter sahifasida.

«Yo‘lakda» ikki yil

Ikkinchi Qorabog‘ urushi 44 kun davom etgan va 2020 yil 10 noyabrda yakunlangandi – o‘sha kuni Ozarboyjon prezidenti va Armaniston bosh vaziri Vladimir Putin vositachiligida qo‘shma bayonot imzolaydi. Aslida, bu Armanistonning taslim bo‘lishini anglatardi.

O‘t ochishni to‘xtatish va 1994 yildan beri arman kuchlari nazoratida bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi hududlarni Ozarboyjonga qaytarishdan tashqari, Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan o‘shanda Armanistonni Xonkendi (Stepanakert, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi markazi) bilan bog‘laydigan yagona quruqlik yo‘li – Lochin yo‘lagini nima qilish haqida ham kelishib olgandi.

Urush yakunlariga ko‘ra, Qorabog‘ tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy yon bag‘rida joylashgan kichik Lochin shaharchasi qariyb o‘ttiz yildan so‘ng Ozarboyjon tarkibiga qaytadi. Shaharni va Armanistondan Tog‘li Qorabog‘gacha bo‘lgan yo‘lni Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorat qila boshlaydi. Buning uchun ularga besh yillik mandat beriladi, uni uzaytirish imkoniyati ham bor.

Avvaliga bu oson bo‘lmadi: rasman bu hudud Ozarboyjonniki bo‘lishiga qaramay, «o‘tish davri»da faqat Armaniston pasporti egalari Lochinga ruxsatsiz kirishi mumkin edi. Ozarboyjon harbiylari esa yo‘lak bo‘ylab qilingan har bir harakatni rossiyaliklar bilan kelishib olishi lozim edi. Hatto ruxsat berilgan taqdirda ham ozarboyjonliklarni rossiyalik harbiylar kuzatib borishardi.

Foto: ANDREY BORODULIN/AFP VIA GETTY IMAGES

«Avvaliga ular norozi bo‘lishardi. Lekin biz bu tinchlik bitimi shartlari ekanini tushuntirardik. Unda prezident imzosi bor, shunday ekan, marhamat, uni bajaring deganimizdan so‘ng tinchlanishardi», degandi rossiyalik tinchlikparvar posbon 2021 yil martida.

Bir necha kilometr uzunlikdagi tog‘li yo‘lda tez-tez mojarolar sodir bo‘lardi. Bu yerdan o‘tib ketayotgan ozarboyjonliklar avtomobillar oynasiga davlat bayrog‘ini osib, bu o‘z hududi ekanini bildirishardi. Buni ko‘rgan armanlar ularga haqoratli ishora qilishardi.