Ammo rossiyalik oligarxning davri 2022 yilda yakunlandi, taxtga amerikalik Todd Bouli o‘tirdi. Transferlar bilan shug‘ullangan Petr Chex va Marina Granovskaya o‘z vazifasidan ozod etildi. Natijada, Toddning o‘zi transfer siyosatini boshqaradigan bo‘ldi.

Tuxel bilan birgalikda ular juda kuchli transfer kampaniyasini o‘tkazishdi – «Chelsi» tarkibni kuchaytirish uchun 250 million funtdan ortiq mablag‘ sarfladi.

Ro‘yxatga nazar solamiz:

  • 69 mln – Uesli Fofana;
  • 55 mln – Mark Kukurelya;
  • 45 mln – Rahim Sterling;
  • 32 mln – Kalidu Kulibali;
  • 20 mln – Karni Chukvuema;
  • 13 mln – Chezare Kasadei;
  • 13 mln – Gabriel Slonina;
  • 10 mln – Per-Emerik Obameyang;
  • ijara – Denis Zakariya;
  • bepul – Omari Xatchinson.

Keling, Boulining birinchi transfer kampaniyasi natijalarini sarhisob qilamiz.

Sport direktorining yo‘qligi

Abramovich o‘z vaqtida ishni donolik bilan boshlagan edi. U futbolchilarni sotib olishda malakali emasligini tushundi va «Manchester Yunayted»dan Piter Kenonni sport direktori lavozimiga taklif qildi.

Kenon bir nechta ajoyib transferlarni amalga oshirdi, futbolchilar bilan shaxsan yaxshi ishladi – masalan, sobiq jamoasidan Aren Robbenni ilib ketdi va niderlandiyalikni «Chelsi» loyihasi istiqbolli ekaniga ishontirdi.

Bouli sport direktorini yollashga ulgurmadi. «Liverpul»ning sobiq mutaxassisi Maykl Edvards haqida mish-mishlar tarqaldi, ammo u futbolga qaytishni istamadi. Shu bois, «Chelsi» bu lavozimga odam topishni kuzga qoldirdi. Bu katta xato bo‘lishi mumkin, chunki transfer ishlarida sport direktorining roli muhim. Bouli transfer oynasi yopilgunga qadar hech bo‘lmaganda Granovskayani qoldirishi kerak edi. Ammo, aftidan, u eski xo‘jayinlar davridagi xodimlar bilan ishlashni istamadi.

Transfer bozoriga kech kirish

«Chelsi» transfer bozoriga boshqalardan yaqqol ortda qolgan holda kirdi. «Arsenal» Gabriel Jyezus transferi, «Barselona» esa Levandovski va Kunde transferi ustida ishlayotgan bir paytda, «ko‘klar» yangi rahbariyat bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Natijada, «Chelsi» transfer bozoridagi peshqadamlikni raqiblariga qo‘shqo‘llab topshirdi va bir necha futbolchilarni aynan shu sababli qo‘ldan chiqardi.