Maktab darsliklarining ijara narxlari bilan bog‘liq mashmashalar prezident qulog‘igacha yetib bordi va davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, endi darsliklar bo‘yicha xarajatlar to‘liq budjetga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralar chog‘ida maktab darsliklarini chop etish kimlarningdir izmida ekani haqida ham ma’lumotlar tarqatildi. Bu iddaolarda asos bor-yo‘qligi, yangilanayotgan darsliklarda qanday yutuq va kamchiliklar borligini xolisona o‘rganishga harakat qildik. Ochiq ma’lumotlar asosida darsliklarni yaratish va chop etish qanday yo‘lga qo‘yilganini tahlil qildik. Material katta, uni erinmasdan o‘qib chiqib, xulosa chiqarishni o‘zingizga qoldiramiz.

Samarqanddagi biz borgan maktabda darsliklarning katta qismi o‘qish boshlanmay turib tarqatib bo‘lingan edi. (Masalan, ta’lim rus tilida olib boriluvchi 3 va 6-sinf darsliklari qolmagan ekan). Shu sabab, quyidagi ro‘yxatda ayrim darsliklar yo‘qligidan, hayron qolmang. Qolgan darsliklarga qarab ham umumiy manzarani tushunib olsa bo‘ladi.

Foydalanishdagi eng eski darsliklar 2017 yilda chop etilgan. 2017 yilda — 6-, 7-va 10-sinflar; 2018 yilda — 11 sinf; 2019 yilda — 8–9-sinflar, 2020 yilda — 4–5-sinflar, 2021 yilda — 1–2-sinflar darsliklari nashr qilingan. 2022 yilda hozircha faqat 3-sinf darsliklari yangilab berilgan.

Darsliklar hajmi kattalashmoqda

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston maktablarida darsliklar yangi formatga o‘tkazilmoqda. Avval A5 formatga yaqin o‘rta formatda bo‘lgan darsliklarning shakli kattalashib, A4 formatga yaqin yirik formatda chop etilmoqda. To‘g‘ri, bu davlat va xalqaro standartlarga mos keladi.