Xalq deputatlari Bo‘ston tuman kengashining qarori 2022 yil 12 avgustdagi qarori bilan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisiga qator vazifalar yuklatildi. Sudyalar oliy kengashi holat yuzasidan bayonot berdi va mahalliy kengashning bu qarori sud ishlariga aralashish ekanligini ma’lum qilgandi. Keyinchalik kengash raisining Bosh prokuraturaga taqdimnomasi asosida prokuratura tomonidan mazkur qarorni bekor qilish yuzasidan protest kiritildi va u bekor qilindi.

Aslida bunday holat boshqa tuman va shaharlar mahalliy kengashlarida ham kuzatilmoqda. Jumladan, xalq deputatlari Konimex tumani kengashining (Navoiy viloyati) 2022 yil 5 avgustdagi tegishli qarorida ham jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisiga bir qator vazifalar yuklatilgan.

Kengash qarorida ko‘rinishicha, sud raisiga ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik olib borish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, sudyalar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘z muddatlarida ko‘rib chiqilishini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash kabi vazifalar belgilab berilgan.

Aslida, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi raislari sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risida tegishli xalq deputatlari kengashiga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etadi. Sud raislarining axboroti muhokama etilmaydi, balki ma’lumot uchun qabul qilinadi.

Qolaversa, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. Sudyalar mustaqil va faqat qonunga bo‘ysunadi, ularga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.