Tadbir davomida tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida qator ko‘p tomonlama va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi, xavfsizlik va iqtisodiy sohada hamkorlikni kuchaytirishga oid kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Ammo bu yerda tashkilotga a’zo davlatlar uchun ma’lum xavf va xatarlar ham borki, bu birinchidan, G‘arb saksiyalari ostidagi Rossiya bank va moliya institutlari bilan hamkorlik va bu hamkorlik orqali ikkilamchi sanksiyalariga tushib qolish xavfi bo‘lsa, ikkinchidan, tashkilotning siyosiylasha borishi mumkinligi, shuningdek, "tuzumlar eksporti" hisoblanadi.

Kun.uz muxbiri tashkilotning Samarqand sammiti haqida siyosatshunoslar – Anri Sharopov, Hamid Sodiq va iqtisodchi, sobiq moliya vaziri o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov bilan suhbatlashdi.

Kun.uz: —

Intervyuni boshlarkanmiz, avvalo sizlardan ShHT sizning nazdingizda qanday tashkilot ekani borasida fikrlaringizni so‘ramoqchiman.

Ko‘ryapsizlar, Rossiya OAVlari bugun bu tashkilotni g‘arbga qarshi tuzilma sifatida talqin qilyapti. G‘arbning ham bu borada o‘z fikrlari bor.

O‘zbekiston rasmiylari esa ShHT haqida gapirganda, unga nisbatan universal tashkilot iborasini ishlatyapti. Xo‘sh, ShHT o‘zi qanday tashkilot-u, uning universalligi nimada?

Anri Sharopov, siyosatshunos: —

Tashkilotning tuzilishi 1996 yil Xitoy va Sobiq sovet davlatlarining chegara va chegara atrofi mustahkamligini ta’minlash maqsadidan kelib chiqadi. Bundan ham avvalgi tarixga e’tibor qiladigan bo‘lsak, bu chor Rossiyasi va Tsin imperiyalari o‘rtasidagi davom etgan va 96 yilgi shartnomadan so‘ng Shanhay beshligiga aylangan.

Anri Sharopov

Afg‘onistondagi vaziyat tufayli Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari dolzarblashganidan keyin 2000-2001 yillarda O‘zbekiston ishtiroki bilan tashkilot ShHTga aylantirildi.

Hozir biz axborot jamiyatida yashayapmiz. Shu bois axborot xurujlarining bo‘lishi tabiiy hol. Har qanday davlat faoliyat olib borishda ana shu media resurslardan foydalanadi. Bu tashkilot muhim bir mexanizm hisoblanadi. Mamlakatimiz olib boradigan siyosatga qaraladigan bo‘lsa, bu siyosat asosini bloklarga qo‘shilmaslik, progmatizm va o‘zaro bog‘liqlik tashkil qiladi.