Yelizaveta II bilan hamkorlik qilish imkoniga ega bo‘lgan barcha bosh vazirlar uning konstitutsiya tomonidan qo‘yilgan cheklovlarni buzmagan holda mamlakat boshqaruviga muhim hissa qo‘shganini aytishadi.

Britaniya konstitutsiyasiga ko‘ra (u asosan parlament tomonidan qabul qilingan aktlar va qonunlar majmuasidan iborat, lekin bitta kitob shaklida emas), monarx hukumatning barcha qarorlaridan xabardor qilinishi shart. Shuningdek, u hukumatga maslahat berish va uni shoshilinch qadamlardan ogoh qilish huquqiga ega.

Yelizaveta II o‘z hukmronligi davrida Vazirlar mahkamasi qilayotgan barcha ishlardan xabardor qilib turilishini talab etgan, shuningdek, bosh vazir bilan muntazam va shaxsiy suhbatlarda o‘z fikrini bildirishdan tortinmagan.

Ser Uinston Cherchill va qirolicha Yelizaveta o‘rtasida katta yosh farqi bo‘lishiga qaramay, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan qalin munosabat o‘rnatilgandi. Foto: Getty Images

Yosh qirolicha hukmronligining dastlabki yillari omadli keldi va 1951 yilgi saylovlardan keyin Dauning-stritga bosh vazir sifatida yana qaytgan Uinston Cherchill kabi siyosiy gigant qanoti ostida o‘tdi.

Bir kuni u malika Yelizaveta yosh qizcha bo‘lishiga qaramay, o‘zini ishonchli va sipo tutganidan hayratda qolgan edi.

Yosh orasida katta farq bo‘lishiga qaramay (Cherchill Yelizavetaning katta buvisi qirolicha Viktoriya hukmronligi davridagi Ikkinchi Bur urushida qatnashgan), ularning munosabatlari o‘zaro hurmat va ishonch bilan ajralib turardi.

U qirolicha bo‘lganidan keyin Cherchill auditoriya olqishlari ostida shunday dedi: «Ajoyib xulosaga keldim: qirolicha xato qilmaydi».

Bosh vazirning monarx bilan munosabati

Aslida, Britaniya bosh vazirlari va qirolicha o‘rtasidagi munosabatlar qanday bo‘lganini hech kim aniq bilmaydi.

Agar tarixga murojaat qilsak, qirolicha Viktoriya bilan alohida munosabatlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan va bu borada katta muvaffaqiyat qozongan Benjamin Dizrayelini eslash mumkin.

Asosiy siyosiy raqibi Uilyam Gladstondan farqli o‘laroq, Konservativlar partiyasi rahbari Dizraeli monarx bilan qanday muloqot qilishni juda yaxshi bilgan.

«Hamma xushomadni yaxshi ko‘radi. Agar biz toj egalari haqida gapiradigan bo‘lsak, ularga xushomadni belkurak bilan otishimiz kerak», degandi u.