13 sentabrda Senatning 32-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis tanqidiy va biroz asabiy ruhda o‘tdi.
Muhokamalar davomida Senat raisi Tanzila Norboyeva vazirlik idoralarning shunchaki axborot yoki hisobotlar emas, senatorlar tomonidan berilayotgan savollarga aniq javob berishni so‘radi.
Yalpi majlisda portlayotgan gaz ballonlari muammosi yana ko‘tarildi. Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov gaz ballonlari o‘rnatilgan avtomobillar “ko‘z bilan” texnik ko‘rikdan o‘tkazilganini aytdi.
“Senatning oldingi yalpi majlislarida xalqimizni qiynayotgan muammolardan biri – avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlari bilan bog‘liq masala ko‘tarilib, Senat tomonidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborilgandi. Iyun oyida ko‘rsatilgan 1300dan ortiq kamchiliklardan 815 tasi bartaraf etilgani, 70 ta gaz shoxobchalarining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani to‘g‘risida hisobot berilgandi. Shunga qaramasdan, shu yil yozida Sirdaryo viloyatida Xorazm viloyatidagi “Pitak-Sarmishsoy” MChJga qarashli avtobus aholini olib ketayotganda gaz balloni portladi va natijada 6 nafar fuqaro voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi va 9 nafari shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga joylashtirildi”, – dedi senator.
Uning aytishicha, bu – Vazirlar Mahkamasi qaroridagi vazifa, ya’ni yuk mashinalari va avtobuslarga o‘rnatilayotgan gaz ballonlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish laboratoriyalarini xarid qilib olish vazifasi bajarilmayotganini ko‘rsatmoqda.
Yalpi majlis davomida Tanzila Norboyeva hududlarda qurilish kompaniyalari bir vaqtning o‘zida 10-20 talab qurilish loyihalarini yutib olayotgani, bu esa sifatni tushirayotganini aytdi.
“Shaffof tender tizimi qaror bilan belgilangan, to‘g‘rimi? Misol uchun, bitta obektni yutgan qurilish tashkiloti qurilishini tugatmasdan boshqa obektni ham yutib oladi. O‘n beshtalab obektni yutib olgan tashkilotlarni bilamiz-da. Birinchidan, bu sifatsiz qurilishga olib kelyapti. Ikkinchidan, mana shunaqangi ish o‘rinlarida ham har xil muammolar kelib chiqyapti. Shuning uchun shaffof tender yo‘nalishida ishlarni qayta ko‘rib chiqish zarurati tug‘ilmadimi?
Qanday qilib bitta firma o‘n beshtadan, yigirmatadan obektni yutib olishi mumkin? Qanaqa qilib ishini yakunlamasdan, topshirmasdan, odamlarni rozi qilmasdan yana boshqa obektni yutib olaveradi? Qanaqa qilib? Qanaqa yondashuv?” – dedi Senat raisi qurilish vaziri o‘rinbosari Shukrullo Jahongirovga.









