Vazirlikka ko‘ra, Ozarboyjon qo‘shinlari Armanistonning Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxanasar, Goris va Kapan tumanlariga zarbalar bergan. O‘z navbatida, Ozarboyjon tomoni yangi qarama-qarshilik boshlanishida Armanistonni aybladi.

Rasmiy Boku chegaradagi to‘qnashuv Armaniston diversiv kuchlarining Ozarboyjon qurolli kuchlari bo‘linmalari va ularning ta’minot yo‘llarini minalashga urinishi sabab boshlanganini ma’lum qildi.

«Ushbu harakatlarning oldini olish bo‘yicha harbiylarimiz tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi», — deya vaziyatni izohlagan Ozarboyjon mudofaa vazirligi.

Har ikki tomon qurbonlar haqida xabar berdi. Xususan, Armaniston yetakchisi Nikol Pashinyan Armaniston tomonidan 49 harbiy xizmatchi halok bo‘lganini aytib, bu son yana o‘sishi mumkinligini bildirdi. Ozarboyjon tomoni ham yo‘qotishlar borligini tasdiqladi.

Armaniston bosh vaziri intensiv harbiy harakatlar yakunlangani, faqat ayrim yo‘nalishlarda Ozarboyjon qo‘shinlari hujumi davom etayotganini bildirdi.

«Ozarboyjon o‘z harakatlarining barchasini go‘yoki Armaniston provokatsiyalariga javob sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda, ammo bu mutlaqo yolg‘on», — degan Pashinyan.

Armaniston bosh vaziri chegaradagi keskinlik masalasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel bilan telefon orqali suhbatlashgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi qarama-qarshilikni to‘xtatish uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurgani haqida xabar qildi. BMT Xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘lgan Fransiya esa ushbu masala yuzasidan Xavfsizlik kengashining yig‘ilishini o‘tkazishni so‘radi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken har ikki tomonni o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralari o‘tkazishga chaqirib, harbiy yo‘l bilan nizoni hal qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Yevropa ittifoqi raisi Sharl Mishel har ikki davlat yetakchilari bilan aloqada bo‘lib turgani, Yevropa ittifoqining Janubiy Kavkaz bo‘yicha maxsus vakili Tayvo Klaar mojaro yanada kuchayishining oldini olish uchun Boku va Yerevanga borishi haqida xabar berdi.

Armaniston chegaradagi vaziyat yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qildi.