Jahon | 09:29 / 14.09.2022
3737
4 daqiqa o‘qiladi

YeI Yanukovichga qarshi davlat mablag‘larini o‘g‘irlaganlik uchun sanksiyalarni uzaytirmadi

Yevropa ittifoqi Viktor Yanukovich va uning o‘g‘li Aleksandrga qarshi davlat mablag‘larini o‘g‘irlash bo‘yicha qo‘yilgan sanksiyalarni uzaytirmadi, biroq sobiq prezident Yevropa ittifoqining boshqa sanksiyalar ro‘yxatida qoldi.

Foto: Getty Images

Yevropa ittifoqi kengashi Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich va uning o‘g‘li Aleksandrga, shuningdek, Ukraina sobiq bosh prokurori Viktor Pshonka va uning o‘g‘li Artyomga nisbatan 2014 yilda davlat mablag‘larini olib chiqib ketish va o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘yilgan sanksiyalarni uzaytirmadi. Bu haqda 12 sentabr, dushanba kuni Yevropa ittifoqining rasmiy jurnalida ma’lum qilindi.

2014 yilning mart oyida YeI Yanukovich, Pshonka va ularning o‘g‘illariga «Ukrainada davlat mablag‘larini o‘g‘irlash va ularni mamlakat tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortiladigan shaxslar» sifatida jazo choralarini joriy qildi.

Sanksiyalar muddati 2022 yil 6 sentabrda tugadi va rasmiy Bryussel bu choralarni uzaytirmaslikka qaror qildi.

Shu bilan birga, Viktor Yanukovich va uning o‘g‘li hamon YeI sanksiyalari ostida qolmoqda – 2022 yil avgust oyida ularga nisbatan «Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti, mustaqilligi va barqarorligiga putur yetkazish yoki unga tahdid solishdagi roli uchun» cheklov choralari joriy etilgan. Aleksandr Yanukovichga nisbatan esa «Ukrainaning Donbass mintaqasidagi separatistik guruhlar bilan bitimlar olib borishi uchun» sanksiyalar kiritilgan.

Yanukovich va uning o‘g‘li bir necha bor Yevropa sudlarida sanksiyalarni olib tashlashga erishgan. Bunday qarorlarga sabab sifatida sudlar YeI kengashi cheklov choralari kiritilgunga qadar Yanukovichlarning Ukraina sudlarida himoyalanish huquqidan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritganini tekshirmaganini ko‘rsatdi. Ushbu chora-tadbirlar bir yil muddatga amal qiladi va har yili yangilanadi, shuning uchun har bir bunday qaror alohida huquqiy hujjat hisoblanadi, har bir yillik sanksiyalar uchun da’volar alohida taqdim etilgan. 

YeI Yanukovichni chiqarib tashlagan sanksiyalar ro‘yxatiga dastlab 18 kishi kiritilgan bo‘lsa, asta-sekin Bryussel ayblanuvchilarni undan chiqarib tashladi. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal 2021 yilda Yevropa ittifoqining ushbu qadamlarini izohlar ekan, voqealarning rivojlanishini tabiiy deb atadi. «Sanksiyalar o‘z rolini o‘ynadi, o‘g‘irlangan mablag‘lar yoki qimmatbaho narsalar qaytarilgan ayrim shaxslarga kelsak, albatta, u yerda sanksiyalar o‘z ta’sirini yakunlashi mumkin», deb tushuntirdi Shmigal. 

Ukrainaning sobiq bosh prokurori Ruslan Ryaboshapka DW bilan suhbatda bosh vazirning bayonotini tanqid qilib, Ukraina rasmiylari haqiqatda o‘zlaridan oldingi rahbarlarning korrupsiyasini to‘liq tekshira olmaganini va Yanukovich tomonidan olib qo‘yilgan mablag‘larni qaytarib ololmaganini ta’kidladi. «2014 yilda Yevropa ittifoqi avvalgi hukumat tomonidan mablag‘ o‘g‘irlanganiga oid dalillarni taqdim etish va’dalari evaziga sanksiyalar kiritdi. Ukraina hukumati esa bu dalilni taqdim eta olmadi», deb ta’kidladi sobiq bosh prokuror. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid