O‘zbekiston | 07:12 / 15.09.2022
5778
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda aytilishicha, “Tinchlik, ma’rifat va taraqqiyot uchun” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan mazkur anjumanda jahonning 35 davlatidan 300 dan ziyod kino ustalari ishtirok etayotgani yarim asrdan ortiq tarixga ega bo‘lgan Toshkent xalqaro kinofestivali bugun – Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha mazmun va qiyofaga ega bo‘lib, san’at olamida yanada munosib obro‘-e’tibor topib borayotganidan dalolat beradi.

“Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda kino san’atini zamon talablari asosida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dunyodagi nufuzli kinokompaniyalar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilib, 30 dan ortiq davlatlar bilan hamkorlikda badiiy filmlar yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Milliy va xorijiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida kinoshaharchalar bunyod etilmoqda. O‘zbekistonda film suratga olishni istagan chet el kompaniyalari uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Sizlar festival kunlari kino sohasidagi islohotlarimiz bilan tanishib, bu boradagi ishlarimiz samarasini oshirish bo‘yicha foydali takliflaringizni bildirasiz, deb umid qilaman.

Bugun o‘z ishini boshlayotgan kinofestival samimiy uchrashuv va muloqotlar, qizg‘in bahs-munozaralar, ko‘plab yangi badiiy asarlar taqdimoti bilan barcha ishtirokchilar faoliyatida, O‘zbekiston madaniyati va san’ati rivojida munosib iz qoldirishiga ishonaman.

Siz, azizlarni XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan yana bir bor tabriklab, ushbu ulkan san’at bayrami unutilmas lahzalarga boy bo‘lishi, kino olamida yangi nom va iste’dodlarni kashf etib berishini tilab qolaman”, deyiladi tabrikda.

Mavzuga oid

E`lonlar