Samarqand xalqaro aeroportida mehmonni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Tashrifning birinchi kunida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilinadi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatni imzolash ko‘zda tutilgan.

16 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.

Bugun ertalab Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va faxriy mehmon sifatida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov tashrif buyurishdi.

Chorshanba kuni Xitoy raisi Si Jinping davlat tashrifi bilan Samarqandga, Eron prezidenti Ibrohim Raisi rasmiy tashrif bilan, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux tashrif bilan kelgandi.