Jamiyat | 14:36 / 16.09.2022
47378
12 daqiqa o‘qiladi

 “Xalqi boymas, lekin bolasini o‘qitishga ko‘p pul sarflayapti” – Vetnamda “Yil o‘qituvchisi” bo‘lgan o‘zbek yigiti hikoyasi

Maktab o‘quvchilari kunduzi 1 soat uxlab olishadi. Faqat boshlang‘ich sinflar bepul o‘qitiladi. Yoshlarning 85-90 foizi ingliz tilini biladi”. 12 tilda gaplasha oladigan Dostonbek Siddiqov 4 yildan beri vetnamliklarga ingliz tilini o‘rgatadi. U Kun.uz bilan suhbatda o‘zi va Vetnam haqida bir-biridan qiziq ma’lumotlarni gapirib berdi.

Foto: KUN.UZ

Yaqinda 32 yoshli o‘zbek yigiti Vetnamda “Yil o‘qituvchisi” deb e’tirof etildi. O‘zbek o‘qituvchisining boshqa davlatga borib, bu natijaga erishishi oson bo‘lmagani aniq. Farg‘onaning Rishton tumanida o‘qituvchilar oilasida o‘sib-ulg‘aygan Dostonbek Siddiqov Vetnamga borguncha ko‘p sarguzashtlarni boshdan o‘tkazgan. Bu haqda uning o‘z hikoyasi bor.

“Uyda go‘shsiz ovqat yesak ham o‘qishimga to‘lov qilishardi”

– Oddiy oilaning farzandiman. Ota-onam, buvim ta’lim muassasasida ishlagan odamlar. Dadam mening birinchi ustozim. Necha yoshligimdan boshlashganini bilmayman-u, 3 yoshligimda kirill alifbosida o‘qib, yoza olgan ekanman. Ayam esa qattiqqo‘l bo‘lgan. Xato qilganimda yegan kaltaklarim esimda. Buvim o‘zlari birinchilardan bo‘lib ochgan litseylarida direktorlikdan nafaqaga chiqqan, onam kutubxonachi. Dadam maktabda ishlab, keyin televideniyega jurnalistlikka o‘tgan.

Maktab darslaridan keyin uyimdan 10 kilometr uzoqqa velosipedda qatnardim. Uyda go‘shsiz ovqat yesak ham, o‘qish to‘lovlari, kitob daftarimga albatta pul yetkazishardi. O‘qish davrim ham moliyaviy jihatdan ancha qiyin o‘tgan. Onamning oyligi to‘lig‘icha kontraktimga ketardi. Buvim doim hozir qiynalasan, ertaga yaxshi bo‘ladi, deb nasihat qilar edilar. "Paynet" ochib ishlab, uyimdagilarga yordam qilmoqchi bo‘lganimda ham buvimdan shunday tanbeh olganman: "Birinchi ishing shunaqa oson bo‘lsa, ertaga sal qiyinchilikda ishlay olmaysan".

Boshqa xalq o‘quvchilarini o‘qitishga qiziqishi boshlangani

2017 yilda zarurat tufayli Rossiyaga borishim kerak bo‘ldi, u yerda bir til markazida ishladim. Guruhimda ham o‘zbek, ham qirg‘iz, ham tojik, ruslar bor edi. Bu esa faqat inglizcha gapirishim kerakligini anglatardi. 3 oyda o‘zimda ancha o‘sishni sezdim. Keyin bir-ikki do‘stimga qiziqib, Xitoyga ketdim. Xitoyda viza bilan muammolar yuzaga keldi, viza yangilash maqsadida Vetnam, Malayziya, Tailand, Kambodja kabi davlatlariga bordim, yo‘l-yo‘lakay oz-moz ishladim. Shu orada boshqa tillarni ham o‘rgandim. Oxiri Vetnamdagi sharoit ma’qul kelib, shu yerda qolib ketdim. Ta’lim tizimi boshida yoqmagandi, ayniqsa, ota-onalar bilan savol-javoblarga toqatim yo‘q edi. Keyin bilsam, bu ularga xos madaniyat ekan.

Vetnamda boshida maktablarda ishga olishmagan. Bog‘chada dars berganman. Keyin maktabga, boshlang‘ich sinflar va o‘rta maktabga o‘tganman. Hozir O‘zbekistondagi 3 yillik kollej va litseylarga o‘xshash ta’limda ishlayman. 9,10,11-sinflarga dars beraman.

“Yomon ko‘rsa ham matematikani o‘rganishga majbur”

– Osiyo mamlakatlarining ko‘pida ishlab ko‘rgan bo‘lsam, asosan ularda matematikaga e’tibor kuchli. Vetnamda ham 70 foiz bola matematikani yomon ko‘radi, lekin hamma o‘rganishi kerak.

Yaqinda sahar soat 3-4da bir ota bolasini matematikani o‘rganishga majbur qilib, dars qildirayotgani videosi tarqaldi. Otaning o‘zi telefonga qarab o‘tiribdi. Bola toza havo olay deb balkonga chiqib, o‘zini tashlab yuboryapti. Shu voqeadan keyin matematikani majburlab o‘rgatmaslikni targ‘ib qilib qolishdi.

Maktablarning o‘z formasi bor. Formasiga qarab, qaysi maktabligini aytish mumkin. Yana bir qiziq narsa, Vetnamda 21 noyabr o‘qituvchilar kuni bo‘ladi. O‘sha kuni ota-ona o‘qituvchiga gul yoki boshqa sovg‘a emas, pul beradi.

“Ta’limga chet ellik o‘qituvchilarni jalb qilish bo‘yicha ilgarilab ketgan”

– Vetnamda ingliz tiliga e’tibor boshqa davlatlarga qaraganda kuchli. Bu yerga kelgan sayyoh qiynalmaydi. Aholining ko‘p qatlami ingliz tilida gapira oladi. Oddiy aholining ham ko‘pgina qismi inglizchani biladi. Bu yerga ko‘p turistlar keladi, ular va oddiy aholi o‘rtasida savdo-sotiq bo‘ladi. Shuning uchun ular tirikchilik maqsadida ham ingliz tilini o‘rganishga majbur.

Bola hali Vetnam tilini o‘rganmasdan bog‘chada ingliz tili o‘qituvchilaridan dars olyapti. Ingliz tili muhiti bilan o‘sgan bolalar, bir necha yildan keyin ingliz tilini bemalol gapiradigan bo‘lib ketishadi. Hozir mamlakatning barcha joyida shunaqa e’tibor berilyapti.

Yoshlarning 85-90 foizi ingliz tilida gapira oladi. Vetnam ta’limga chet ellik o‘qituvchilarni jalb qilishda ilgarilab ketgan. Ular avval universitet, keyin o‘rta maktab, boshlang‘ich maktab, hozir bog‘chalarda ham ishlashyapti. Men yashayotgan shaharning o‘zida 200ga yaqin xorijlik o‘qituvchi bor. Yaqin vaqtgacha ta’lim sifati yomon bo‘lgan Vetnamni xorijlik o‘qituvchilar ko‘taryapti.

Vetnam ta’limidagi korrupsiya haqida

– O‘qituvchi oyligi uning tajribasi, malakasi, maktabiga qarab belgilanadi. O‘rtacha 400-500 dollardan olishsa kerak. Chunki 200 dollar (endi ish boshlaganlar) olib ishlayotganini ham, 700 dollar olib ishlayotganini ham ko‘rdim.

Oylik esa 200-250 dollar. O‘qituvchilar bu oylik uchun emas, maktabga kirib, repetitorlik qilish uchun harakat qilishadi. Ko‘rsangiz, sport zalga o‘xshash katta joyda, 100-150 kishiga dars o‘tishadi. O‘qituvchining oyligi ko‘p emas, lekin repetitorlikdan daromadi yaxshi.

“Dars davomida bolani kuzatib turishni o‘qituvchi emas, kamera bajaradi”

– Hozir matematika, IT sohasida Vetnam ilgarilab ketgan, navbat ingliz tiliga. Sinfxonalarda kamera bor. O‘qituvchiga telefonga qarab so‘zning tarjimasini ko‘rishga ham ruxsat yo‘q. Kamerani 2 odam doimiy ravishda tekshirib kuzatib turadi. Bola darsga kirishidan oldin, qutiga telefonini qo‘yib kiradi. Sinfxonaga kolonka o‘rnatilgan. Agar bola telefon o‘ynayotganini ko‘rishsa, o‘sha kolonkadan ism-familiyasini aytib, sinfxonadan chiqarib yuborishadi. O‘qituvchi bolani kuzatish emas, unga dars berishi kerak.

Ta’limga ko‘p sarmoya kiritayotgan ota-onalar

– Haqiqatan ham xalq juda boymas. Lekin bolasining tarbiyasi uchun juda ko‘p pul sarflashadi. Ota-onalar bolalarni qattiq tutishadi. Uyda o‘tirgani qo‘ymaydi. Ertalab 7da uydan chiqarib, 3da maktabdan olib, qo‘shimcha darsga, u tugasa yana boshqa to‘garakka olib boradi. Bolasining kelajagi uchun katta investitsiya kiritishyapti.

Ko‘pchiligining orzusi qayergadir chetga chiqib ketib ishlash. Bolasi uchun pulni ayamayapti. Ko‘rsangiz o‘zi, kiyinishi, minib yurgan mototsikli bir ahvolda, lekin bolaning maktabiga pul ayamaydi. Bu yerda faqat boshlang‘ich maktab bepul, qolgani hammasi pulli.

O‘qituvchiga jamiyatdagi hurmat

– Xitoy, Tailand va Vetnamda ham o‘qituvchilar mavqei juda yuqori. Ota-ona doimiy o‘qituvchilar bilan aloqada, bola tarbiyasi, ta’limida juda qattiqqo‘l ekan. Ta’lim sistemasi zo‘r emas, lekin juda tez rivojlanyapti. O‘qituvchilariga ko‘p imkoniyatlar berilgan. O‘qituvchi, vrachlar mavqeyi jamiyatda yuqori. Tay (erkak) Co (ayol kishi uchun) ("ustoz" degani) deb qayerga borsangiz hurmatingizni joyiga qo‘yishadi.

Bola har yerda bola. Doim o‘qigisi kelmaydi, lekin reytingni ko‘rgan ota-onadan yaxshi tanbeh olgandan keyin shunaqa zo‘r o‘qishadi. Agar o‘qituvchi onangga telefon qilaman, desa bo‘ldi, yaxshi bola bo‘lib, darsini qilib o‘tiraveradi.

Viyetnamcha kunduzgi uyqu

– Sinfda 50 nafargacha bola bo‘lishi mumkin (Vetnam aholisi 100 millionga yaqin). Bu esa sifatga ta’sir qilmay qolmaydi, shuning uchun ham qo‘shimcha darslar yo‘lga qo‘yilgan. Bola maktabda yashaydi!

O‘rtada tushlik mahali maktabda, partalar ustida yoki polda uxlashadi (ko‘rpa-to‘shagi bor). Viyetnamda kunduzgi uyqu millatning ajralmas qismi. Majburiy ta’lim muassasalarida (1–12 sinflar) o‘quvchilar deyarli yashaydilar. Kunning asosiy qismini o‘tkazadigan bu joyda kunning qoq peshin paytida bolalarga uxlab olish majburiy.

Bu ularning akademik salohiyatini oshirishga yordam berarkan. Birinchi ish kunimda hayron qolgandim: o‘qituvchilar matraslarda pinakka ketishdi. O‘qituvchilar xonasida!

Keyinchalik bildimki, banklarda, davlat idoralarida ham shu ahvol. Kunduzi 1da ko‘chada birovni ko‘rmaysiz. Kattalarni bilmadim-u, bolaga yetarlicha uyqu zarur. Uyqusirab turgan bola miyasi to‘lig‘icha mavzuni o‘zlashtira olmaydi.

“Yil o‘qituvchisi” deb e’tirof etilgani haqida

– “Yil o‘qituvchisi” tanlovi faqat xorijiy ekspertlar o‘rtasida edi. Xuddi shu tanlov mahalliy o‘qituvchilar o‘rtasida ham bo‘ladi. Mehnat e’tiborsiz qolmas ekan. 3 yillik mehnat, natijalarim (juda ko‘pchilik o‘quvchilarim IELTS’dan yuqori ball olgan, xorijiy universitetlarda o‘qishni davom ettirishmoqda) sabab bo‘ldi shekili, shu mukofotga ma’qul ko‘rildim.

U yerda amerikalik, angliyalik tajribali o‘qituvchilar ham bor edi, ya’ni men uchun bu faqat orzu, orzu ham qilmagandim, bu deyarli imkonsiz, deb o‘ylardim. "Qanday qilib sen ingliz tilini o‘qitasan, o‘zingga o‘qituvchi kerak", degan gaplar bo‘lmasligi uchun kechalari uxlamay, har xir yangiliklar, interaktiv darslar qilishga harakat qildim. Xullas, mehnatim o‘zini oqladi. Bir yangilik o‘rgansam, qaniydi O‘zbekistonga borib, bolalar bilan shu bo‘yicha ishlab ko‘rsam, degan fikr xayolimda turadi.

O‘zbekiston Vetnamdan nima o‘rganishi kerak?

– Bizda nima yetishmaydi? Hamma tanqid o‘qituvchi-yu, maktabga bo‘lib qolgan. Natija bo‘lishi uchun ota-onalar ham ishlashi kerak. Hamma bir gap bo‘lsa, o‘qituvchini ayblaydi. Vaholanki, ta’limga faqat o‘qituvchi emas, barcha mas’ul bo‘lishi kerak. Vrachlar Gippokrat qasamini ichganlaridek, o‘qituvchi ham "pedagog" degan diplomini olishi millatni asrashga qasam ichishidir. Moddiy tarafdan zo‘r bo‘lmasligi mumkin, sog‘ligini yo‘qotishi mumkindir, lekin shu qasami tufayli maktabini, eski doskasi-yu stol-stulini tashlab ketmaydi.

Qisqacha qilganda, o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsa, o‘qituvchiga, ta’limga bo‘lgan hurmat. Tanqid yaxshi, agar u o‘rinli bo‘lsa. Bizda esa aksincha, bilib-bilmay birovning motivatsiyasini o‘ldirib qo‘yishadi.

Keyingi navbatda esa o‘qituvchi va ota-onalar hamkorligi ham muhim. Shundagina yaxshi natijalar ko‘rinadi.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid