Jahon | 09:13 / 19.09.2022
11622
3 daqiqa o‘qiladi

Yerevanda namoyishchilar Armanistonning KXShTdan chiqishini talab qildi

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqsa, Yerevan G‘arbdan harbiy yordam olishi mumkin, deya ma’lum qildi namoyishchilar. Ularning aksiyasi Nensi Pelosining Armanistonga tashrifi chog‘ida sodir bo‘ldi.

Foto: TASS

18 sentabr, yakshanba kuni Yerevan markazidagi Ozodlik maydonida miting bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar Armanistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)dan chiqishini talab qildi. TASS xabariga ko‘ra, mitingga bir necha yuz kishi yig‘ilgan. 

Yana bir necha yuzlab faollar avvalroq AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi kelgan «Gafeschyan» san’at markazi yaqinida miting o‘tkazdi. Ular, jumladan, Armaniston KXShTdan chiqsa, G‘arbdan harbiy yordam olishi mumkinligini ta’kidlagan. 

Aksiyalarda Armaniston Yevropa partiyasi (AYeP)ning rais Tigran Xzmalyan boshchiligidagi vakillari ishtirok etdi, deb yozadi «Interfaks». Xzmalyanning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Turkiya «armanlarga qarshi shartnoma» imzolagan, natijada Tog‘li Qorabog‘ qo‘ldan chiqarildi. «Agar biz KXShT va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)dan chiqib, NATO va YeIga qo‘shilsak, o‘shanda yo‘qotilgan yerlarimizni qaytaramiz», — dedi jurnalistlarga AYeP rahbari. 

Nensi Pelosi 17 sentabr kuni Ozarboyjon bilan chegaradagi mojaro avj olgan bir paytda Armanistonga uchib ketdi. Yakshanba kuni «Gafeschyan» san’at markazida nutq so‘zlab, u AQSh Armaniston xavfsizligi va demokratiyasini qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. 

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Pelosining bayonotlarini tanqid qildi. Uning Boku Yerevan bilan chegarada mojaro boshlagani haqidagi bayonoti «Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga jiddiy zarba bo‘ldi», deya bildirdi Ozarboyjon TIV. «Bunday bir tomonlama qadamlar va asossiz bayonotlar mintaqadagi mo‘rt tinchlikni mustahkamlashga emas, aksincha, keskinlikni kuchaytirishga xizmat qiladi», — deyiladi TIV bayonotida. 

13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarboyjon chegarasida mojaro avj oldi. Janglar natijasida 230 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Yerevan Bokuni chegaradagi shahar va qishloqlarni o‘qqa tutishda aybladi. Ozarboyjon o‘qqa tutilishi Armanistonning «keng ko‘lamli provokatsiyasi»ga javob ekanligini aytdi. 15 sentabrga o‘tar kechasi tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Armaniston rasman yordam so‘rab Rossiya va KXShTga a’zo davlatlarga murojaat qildi. Bunga javoban KXShT «mavjud vaziyatni baholash» uchun o‘z missiyasini yuborishga qaror qildi. 

Mavzuga oid