Zohidon qishlog‘ida yashovchi Rashid Mamayusupovning ta’kidlashicha, kolodetsga urilishi oqibatida avtomobilining ikki balloni yorilib ketgan.

Rashid Mamayusupov / Foto: KUN.UZ

“Qishlog‘imizdan kanalizatsiya quvuri olib o‘tishdi. Ishlar bajarilmasidan avval yo‘limiz ravon, asfalt ham sifatli edi. Eng achinarlisi, quvur tortish ishlaridan keyin kolodetslar asfaltdan ancha ko‘tarilib qoldi. Bugungi kunda ko‘pchilikda texnika bor.

Boshqalar qatori men ham bu holatdan jabr ko‘rdim. Donasi 600 ming so‘m turadigan ikki ballonim beton qirrasiga tegib yorilib ketdi. Qarama-qarshi tomondan mashina kelib qolganida beixtiyor kolodets ustiga mashina haydashga majbur bo‘lyapmiz. 5-6 nafar haydovchi mendek holatdan jabr ko‘rishdi,” – deydi u.

“Kanalizatsiya o‘tganiga bir yil bo‘ldi. Kolodetsni ikki tashkilot qo‘yib o‘rnatib ketdi. Kolodetslar asfaltdan bir qarich balandda joylashgan. Holatdan ayniqsa haydovchilar aziyat chekishyapti. Yo‘l-transport hodisalari juda ko‘p bo‘lyapti. Ishlar qo‘l uchida qilingan. Amalga oshirgan ishlari talabga javob bermaydi. Ayrim joylarda yo‘llar yarim metrgacha cho‘kib yotibdi. Qayerga murojaat qilishni ham bilmay qoldik”, – deydi Nurafshon ko‘chasida yashovchi Abdusalom Yo‘ldoshev.

Abdusalom Yo‘ldoshev / Foto: KUN.UZ

Muzaffar Tojixolov haydovchilarni qiynayotgan mavjud muammo qatori ichimlik suvi quvuri yorilib ketgani, mutasaddilar esa masalaga panja ortidan qarayotganini ta’kidladi.

“Kolodetsning ahvolini ko‘rib turibsiz. Yo‘ldan ancha balandda. Yo‘lning ikkinchi tomonidan esa ichimlik suvi quvuri olib o‘tilgan. Suv quvuri yorilib ketganiga yaqinda bir oy bo‘ladi. Aholi pul yig‘ib ehtiyot qismini olib berdik. Suv ta’minotdan kelib ulab ketishdi. Oradan 3-4 kun o‘tib yana quvur yorildi. Suv uchun aholi to‘lovlarni amalga oshirgan. Hech bir tashkilot mavjud muammoni gardaniga olgisi kelmayapti. Aholi ichimlik suvisiz yashamoqda”, – deydi u.